Marhum ijodkorlarning oila a’zolariga davlat mukofotlari topshirildi
Prezident farmoniga binoan mamlakatimizda madaniyat, san’at va adabiyot sohalarini rivojlantirishga ulkan hissa qo‘shgan bir guruh marhum ijodkorlar yuksak davlat mukofotlari bilan taqdirlandi.
Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva Prezident farmoni bilan vafotidan so‘ng davlat mukofotlariga sazovor bo‘lgan taniqli madaniyat va san’at namoyandalari, yozuvchi va shoirlarning oila a’zolari xonadonlariga tashrif buyurdi.

Samimiy muhitda Senat Raisi “Fidokorona xizmatlari uchun”, “Buyuk xizmatlari uchun”, “Mehnat shuhrati” hamda “Do‘stlik” ordenlarini O‘zbekiston Respublikasi xalq artisti, aktrisa Manzura Hamidova, O‘zbekiston Respublikasi xalq artisti, aktyor G‘ani A’zamov, O‘zbekiston Respublikasi xalq artisti, aktyor Obidjon Yunusov, O‘zbekiston Respublikasi xalq artisti, aktrisa Zaynab Sadriyeva, O‘zbekiston Respublikasi xalq artisti, aktyor O‘lmas Alixo‘jayev, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist, aktyor Jamshid Zokirov, xonanda va sozanda Rasulqori Mamadaliyevning oila a’zolariga topshirdi.
Tashrif davomida marhum ijodkorlarning mamlakatimiz ma’naviy hayoti, milliy madaniyat va adabiyotni rivojlantirish, yosh avlod tarbiyasi hamda jamiyatda ezgulik, mehr-oqibat va vatanparvarlik qadriyatlarini mustahkamlash yo‘lidagi xizmatlari alohida e’tirof etildi.

Uchrashuvlarda Senat Raisi davlat mukofotlarini taqdirlangan marhumlarning oila a’zolariga topshirdi hamda ularga chuqur hurmat va minnatdorlik izhor etdi.
O‘z navbatida, marhum ijodkorlarning yaqinlari davlatimiz rahbariga ularning mehnati va xizmatlari yuksak qadrlangani, mamlakatimizda ijod ahli xotirasiga ko‘rsatilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlik uchun minnatdorlik bildirdi.
N.Abduraimova, O‘zA