Bir guruh marhum ijodkorlar davlat mukofotlari bilan taqdirlandi
Mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligi oldidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmoniga muvofiq, madaniyat, san’at va adabiyot rivojiga ulkan hissa qo‘shgan bir guruh marhum ijodkorlar davlat mukofotlari bilan taqdirlandi.
E’tirof etish lozimki, bu ijodkorlar o‘zining yorqin iste’dodi va sermahsul ijodiy faoliyati bilan el-yurt mehrini qozongan, xalqimiz ma’naviy hayotida o‘chmas iz qoldirgan.

Ularning boy ma’naviy merosi bugungi kunda ham jamiyatimizda ezgulik va mehr-oqibat, vatanparvarlik va bag‘rikenglik kabi yuksak qadriyatlarni qaror toptirishda, yosh avlodni milliy g‘urur, Vatanga muhabbat va xalqqa sadoqat ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri Nuriddin Ismoilov marhum ijodkorlarning xonadonlariga tashrif buyurib, ularning oila a’zolariga davlat mukofotlarini tantanali ravishda topshirdi.

Uchrashuvlar davomida marhum ijodkorlarning oila a’zolariga davlat rahbariyati tomonidan ko‘rsatilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlik ularning xizmatlariga berilgan yuksak baho ekani qayd etildi.

Shuningdek, bunday e’tirof yurtimizda inson qadrini ulug‘lash, millat fidoyilari xotirasiga ehtirom ko‘rsatish, ularning ma’naviy merosini targ‘ib etishga qaratilgan e’tiborning namunasi ekani ta’kidlandi.
Muhtarama Komilova, O‘zA