San’ati abadiy hofizga davlat e’tirofi (+video)
Rasulqori Mamadaliyev betakror hofiz, shoir, askiyachi va halol inson, mehribon ustoz edi.
U tug‘ma ojiz bo‘lgan. Lekin yaratgan unga juda o‘tkir zehn va idrok ko‘zini ato etgandi. Bir tinglagan she’rni yod olar, kuy yoki qo‘shiqni o‘shanday takrorda ijro qilardi.
Rasulqori ustoz atigi 49 yil umr ko‘rdi. Ammo undan 9 farzand, yuzlab maromiga yetkazib ijro qilingan maqom yo‘lidagi qo‘shiqlar va yana yuzlab o‘zi ijod qilgan ashulalar qoldi.
Hofiz so‘zga, she’rga g‘oyat talabchan bo‘lganlar. Ma’nosini anglamagan biron so‘z qatnashgan qo‘shiqni ijro etmagan. Ustoz san’atkor Buvayda tumani madaniy hayotida fidoyilik bilan xizmat qildi. Shogirdlar chiqardi. Ammo umri davomida ustoz san’atkorlarning ustozi bo‘la olgan Rasulqori Mamadaliyev ijodi rasman e’tirof etilmagan edi.
Shunday paytda O‘zbekiston Prezidentining vatan, xalq xizmatida fidoyilik ko‘rsatgan marhum san’atkorlarni, ular qatorida hofiz Rasulqori Mamadaliyevni “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlash to‘g‘risidagi farmoni e’lon qilindi.
– Bu yil dadam tug‘ilganlariga 100 yil, olamdan o‘tganlariga 50 yil to‘ldi, – deydi hofizning o‘g‘li Muhammadsodiq Mamadaliyev. – 50 yil o‘tib dadamiz “Do‘stlik” ordeni bilan mukofotlandi. Bu xabardan dunyoga sig‘may qoldim. Shu narsani angladimki, Prezidentimiz san’atni, san’atkorning mehnatini kuzatib yurar ekanlar. Bu mukofot uchun Prezidentimizga minnatdorchilik bildiraman.
Bugun O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Norboyeva Buvayda tumani Jiydali mahallasidagi hofizning xonadoniga tashrif buyurdi. Hozir bu xonadonda san’atkorning farzandlari, nabira va evaralari istiqomat qiladi. Senat raisi Rasulqori Mamadaliyevning o‘zbek mumtoz san’atiga qo‘shgan ulkan hissasini yuksak baholanishi yillar o‘tsada adolat barqaror ekanini ta’kidladi hamda hofizning oila a’zolariga davlatning yuksak mukofotini topshirdi.
– Qilingan mehnat, olingan ilm, bedor tunlar, mehnat mashaqqatlari javobsiz qolmas ekan, – deydi hofizning nabirasi Odilxon Mamadaliyev – Biz ham bobomdek san’atkor bo‘lib tarixda qolish, xalqimiz, Prezidentimizga xizmat qilishga hayotimizni bag‘ishlaymiz.
[gallery-29709]
Tadbirda so‘zga chiqqan Rasulqori Mamadaliyevning farzandlari, shogirdlari va san’at muxlislari Yangi O‘zbekistonda xalq, Vatan uchun qilingan mehnat hech qachon esdan chiqmasligini faxr bilan e’tirof qildilar.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/ZULGqbJksyo" title="SAN’ATI ABADIY HOFIZGA DAVLAT E’TIROFI" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhammadjon Obidov, Elyor Olimov.