Manguberdi merosi – vatanparvarlik timsoli
Urganchda “Jaloliddin Manguberdi merosi va yoshlarni harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalashning zamonaviy yondashuvlari” mavzusida respublika ilmiy-amaliy anjumani o‘tkazildi.
Mazkur nufuzli anjuman yurtimizning yetuk olimlari, soha mutaxassislari hamda ta’lim muassasalari rahbarlarini bir manzilga jamladi.
Anjuman doirasida yalpi majlis tashkil etilib, unda so‘zga chiqqan ma’ruzachilar tomonidan Jaloliddin Manguberdining boy tarixiy merosi, uning jasorati va sarkardalik salohiyati, shuningdek, yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalashning dolzarb masalalari yuzasidan atroflicha ma’lumotlar berildi.
Xususan, ma’ruzalarda Jaloliddin Manguberdi shaxsiyatiga tarixiy va zamonaviy yondashuvlar, uning mardlik va jasorat timsoli sifatidagi o‘rni, harbiy mahorati va taktikasining o‘ziga xos jihatlari keng yoritildi.
Shuningdek, Xorazmshohlar davlatining tarixiy rivoji, milliy harbiy meros va armiya an’analari, zamonaviy harbiy ta’lim tizimi hamda yoshlar ongini yuksaltirishda tarixiy merosning ahamiyati haqida fikr-mulohazalar bildirildi.
[gallery-29052]
Jaloliddin Manguberdi nomidagi harbiy-akademik litseyda o‘tkazilgan tadbir tarixiy merosimizni chuqur anglash, yoshlar qalbida vatanparvarlik tuyg‘ularini mustahkamlash hamda ilmiy fikr almashish uchun muhim maydon vazifasini o‘tadi.
Anjuman yakunida ishtirokchilarga maxsus sertifikatlar tantanali ravishda topshirildi.
Ahmadjon Shokirov,
Behzod Saidov(surat), O‘zA muxbirlari