Ma’naviyatni yuksaltirish yo‘lida boshlanayotgan yangi davr
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida 22 dekabr kuni Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida bugunimiz va ertangi kunimiz bilan bog‘liq jiddiy masalalar atrofida bildirilgan fikrlar, ilgari surilgan tashabbuslar har birimizning ko‘nglimizdagi gap bo‘ldi. Dunyoda, atrofimizda yuzaga kelgan tahlikali vaziyat, jiddiy qarama-qarshiliklar, ma’naviy axloqsizlik, zo‘ravonliklar jiddiy xulosa chiqarishga undaydi. Prezidentimiz savol qo‘yganidek, biz bugungi keskin sharoitda g‘oyaviy-mafkuraviy sohada raqobatga tayyormizmi? Yosh avlodimiz tarbiyasi murakkab zamon talablariga javob beryaptimi? Bular oddiy savollar emas. Odamni jiddiy o‘ylantiradigan, tashvishga soladigan savollar. Shuning uchun davlatimiz rahbari ma’naviyat masalasiga, yoshlar tarbiyasiga doimiy e’tibor qaratib keladi. Zero, ma’naviyatli inson to‘g‘ri yo‘lda yuradi, jinoyatga, poraxo‘rlikka qo‘l urmaydi, birovning haqqiga xiyonat qilmaydi, qotillikka qo‘l urmaydi. Eng muhimi, siyosiy uyg‘oq bo‘ladi, Vatanni sotmaydi.
Ilm-ma’rifat va jaholat dunyo bunyod bo‘libdiki, yonma-yon yuradi. Biri buzadi, ikkinchisi dunyoni, insoniyat hayotini farovonlikka eltadi. Bunday yuksalishlar, taraqqiyot va nihoyat tamaddunlar tarixiga nazar tashlasak, ular boshida o‘z hayotini o‘sha ezgu maqsadlarga baxshida etgan fidoyi shaxslar turganiga guvoh bo‘lasiz. Bunday odamlar butun faoliyatini, umrini, va hatto, shirin jonini shu maslak bilan bog‘laydilar, o‘zlariga buni sharaf deb biladilar. Ammo hayot shundayki, doim ham qo‘l uzatgan, ko‘zlagan marraga osonlikcha erishib bo‘lmaydi. Buning mashaqqatlari, sinovlari ko‘p. Shu ma’noda bugun biz yashayotgan kunlarimiz, tahlikali va notinch asrimiz ham qaysidir ma’noda ilm ma’rifatga, ziyoga ehtiyoj sezayotir. Taraqqiyotning cho‘qqisiga chiqdik, deyilayotgan ayni damlarda ham yer yuzining ko‘plab nuqtalarida urush olovi ko‘zga tashlanadi. Irqchilik, millatchilik, diniy radikalizm, dunyoga egalik qilish balolari tez-tez sahnaga chiqmoqda. Albatta, bunday tahlikali zamonda to‘g‘ri yo‘lni topish, mamlakat va xalq farovonligini o‘ylab, huzur-halovatdan kechish, insonga munosib hayot barpo etish va bu yo‘lda odamlarni o‘z ortidan ergashtira olish kishidan katta mas’uliyat, bilim va fidoyilik talab etadi. Davlatimiz rahbari bugun ana shunday sifatlarga ega inson bo‘lib, jamiyatda ma’naviy axloqiy tarbiyani kuchaytirish, farzandlarimizni ajdodlarimizga munosib avlod etib tarbiyalash borasida kuchini, g‘ayratini ayamayapti. Prezidentimizning ma’naviyatchilar va ijod ahli bilan uchrashuvida jahon miqyosida taraqqiyot sur’atlari shiddatli tus olgani, o‘ta ziddiyatli jarayonlarning ta’siri mamlakatimizda ham sezilayotgani haqida bildirgan fikrlarini tinglab, xayolimdan beixtiyor shu o‘ylar kechdi. Biz barchamiz ulug‘ ajdodlarimizdan ibrat olib, ularga munosib bo‘lib, doimo ezgu orzu-intilishlar bilan yashashimiz kerak. Bunga albatta ta’lim va tarbiya, ma’naviy uyg‘oqlik orqali erishishimiz mumkin.
Ta’lim islohotlari orqali esa O‘zbekistonda yangi Uyg‘onish davri, ya’ni Uchinchi Renessans poydevorini yaratishni o‘zimizga asosiy maqsad qilib belgiladik. Bu haqda gapirar ekanmiz, avvalo, uchinchi Renessansning mazmun-mohiyatini har birimiz, butun jamiyatimiz chuqur anglab olishi kerak. Tarixga nazar solsak, Buyuk ipak yo‘lining chorrahasida joylashgan ona zaminimiz azaldan yuksak sivilizatsiya va madaniyat o‘choqlaridan biri bo‘lganini ko‘ramiz. Xalqimizning boy ilmiy-madaniy merosi, toshga muhrlangan qadimiy yozuvlar, bebaho me’moriy obidalar, nodir qo‘lyozmalar, turli osori atiqalar davlatchilik tariximizning uch ming yillik teran ildizlaridan dalolat beradi. Hammangizga yaxshi ma’lum, antik davrda Yunonistonda yongan ilm mash’alasi IX-XII asrlarda Markaziy Osiyo hududida qayta porladi. Bu davrda yurtimiz hududida birinchi Renessans yuzaga keldi va u butun dunyo tan oladigan mashhur daholarni yetishtirib berdi. Xususan, Muhammad Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Mahmud Zamaxshariy singari o‘nlab buyuk allomalarimizning jahonshumul ilmiy-ijodiy kashfiyotlari umumbashariyat taraqqiyoti rivojiga beqiyos ta’sir ko‘rsatdi. “Islom madaniyatining oltin asri” deb e’tirof etiladigan bu davrda ona zaminimizdan yetishib chiqqan Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Burhoniddin Marg‘inoniy, Abul Mu’in Nasafiy kabi ulug‘ ulamolar butun musulmon olamining faxru iftixori va cheksiz g‘ururi hisoblanadi. O‘n beshinchi asrda Sohibqiron Amir Temur bobomiz asos solgan va uning munosib avlodlari davom ettirgan muhtasham saltanat yurtimizda ikkinchi Uyg‘onish, ya’ni ikkinchi Renessans davrini boshlab berdi. Bu davrda Qozizoda Rumiy, Mirzo Ulug‘bek, G‘iyosiddin Koshiy, Ali Qushchi singari benazir olimlar, Lutfiy, Sakkokiy, Hofiz Xorazmiy, Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy, Bobur Mirzo kabi mumtoz shoir va mutafakkirlar maydonga chiqdi. Sharafiddin Ali Yazdiy, Mirxond, Xondamir kabi tarixchilar, Kamoliddin Behzod singari musavvirlar, ko‘plab xattot va sozandalar, musiqashunos va me’morlarning shuhrati dunyoga yoyildi. Donishmand xalqimiz har ikki Renessans davrida jahonning eng ilg‘or, taraqqiy etgan xalqlari qatorida bo‘lgani barchamizga ulkan g‘urur va iftixor bag‘ishlaydi. Bir o‘ylab ko‘raylik, ajdodlarimiz bunday yuksak cho‘qqilarga qanday erishganlar? Ular, eng avvalo, jaholatga qarshi ma’rifat bayrog‘ini baland ko‘tarib, o‘z aql-zakovati va salohiyatini insoniyat yaratgan ilm-fan yutuqlarini chuqur o‘rganish va boyitishga bag‘ishlaganlar. Prezidentimiz bir xalqona iborani o‘z ma’ruzalarining birida to‘g‘ri qo‘llagan: “Oqqan daryo oqaveradi”. Yillar davomida o‘z isbotini topaverib, deyarli hikmatga aylanib ketgan ushbu kalom aziz tuprog‘imizda Uchinchi Renessans, albatta, yuz berajagini isbotlaydi.
– Mamlakatimiz o‘z taraqqiyotining yangi, yuksak bosqichiga kirayotgan hozirgi paytda bizga jadid bobolarimiz kabi g‘arb ilm-fan yutuqlari bilan birga, milliy qadriyatlar ruhida tarbiya topgan yetuk kadrlar suv bilan havodek zarur, – deya ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev. Davlatimiz rahbari o‘tkazgan yig‘ilishda ma’rifatparvar bobolar g‘oyalarini o‘rganish va rivojlantirish bo‘yicha Prezident qarori qabul qilinishi belgilandi. Shuningdek, Buxorodagi tarixiy maskanda Jadidlar merosi davlat muzeyi ochiladi, “Jadid” nomli yangi gazeta tashkil etiladi. Bu bejizga emas. Bugun yoshlarimizga ibrat bo‘ladigan ota-bobolarimizning jasoratli yo‘lini ochib beruvchi qo‘llanmalar kerak va shart. Jadid bobolarimiz yurtimizni ozod etishga, qoloqlikdan olib chiqib, hamma sohalarni rivojlantirishga borini bag‘ishlagan. Buning badalini o‘z jonlari bilan to‘lagan. Biz bugungi mustaqillik, tinchlik, erkinlik sharoitida ularni eslashimiz, e’zozlashimiz ham qarz, ham farz. Tan olishimiz kerak. Muzeylar tashkil etildi, kitoblar chiqyapti, ozodlik yo‘lida kurashgan ajdodlarimiz ko‘pchiligi oqlanyapti. Lekin ular shu bilan unutilishi kerak emas. Prezidentimiz buning uchun qatag‘on qurbonlari tug‘ilib o‘sgan yoki bugun avlodlari yashayotgan uyga, mahallaga, o‘sha yerdagi maktabga ularning nomlarini yozib qo‘yish taklifini ko‘tardi. Fikrimizcha, bu ham savobli, ham ibratli ish bo‘ladi. Ulardan har birining hayoti – qahramonlik. Biz buni o‘rganib, tashviqot qilib, yoshlarimizga yetkazishimiz zarurligini hayotning o‘zi ko‘rsatib turibdi.
Prezidentimiz tomonidan mutasaddilarga jadid bobolarimiz tarixini o‘rganayotgan tadqiqotchilarga maqsadli grantlar ajratish, ular haqida hujjatli va badiiy filmlar olish, matbuot va internet nashrlarda materiallar chop etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. Nega? Chunki xalqimiz u davrni yaxshi bilishi, faxrlanishi kerak. Yoshlar “Bizning bobolarimiz istiqlol orzusida kurashgan, o‘zini ayamagan, biz mustaqillik uchun nima qilyapmiz” deb o‘ziga savol berishi zarur. Mustaqillikning mustahkam zamini nima o‘zi? Avvalo, vatanparvarlik, bilim, ma’naviyat. Shundan kelib chiqib, Prezidentimiz jamiyatimizda ana shunday vatanparvarlik ruhini, shukronalik ruhini kuchaytirishga da’vat etmoqda. Davlatimiz rahbari bu ish bilan jaholat va qabohat, qatag‘on siyosat sabab qariyb bir asr ortga surilib ketgan Uyg‘onish davri poydevoriga qayta g‘isht qo‘yib, orzulari armonga aylanib, shahid ketgan jadid bobolarimizning muborak ruhi poklarini ham shod qilgani shubhasizdir. Zero, mamlakatimizda Uchinchi Renessansni yigirmanchi asrda ma’rifatparvar jadid bobolarimiz amalga oshirishlari mumkin edi. Nega deganda, bu fidoyi va jonkuyar zotlar butun umrlarini milliy uyg‘onish g‘oyasiga bag‘ishlab, o‘lkani jaholat va qoloqlikdan olib chiqish, millatimizni g‘aflat botqog‘idan qutqarish uchun bor kuch va imkoniyatlarini safarbar etdilar. Shu yo‘lda ular o‘zlarining aziz jonlarini ham qurbon qildilar. Ular “Ilmdan boshqa najot yo‘q va bo‘lishi ham mumkin emas” degan hadisi sharifni hayotiy e’tiqod deb bildilar. Milliy istiqlol, taraqqiyot va farovonlikka, avvalo, ma’rifat orqali, dunyoviy va diniy bilim, zamonaviy ilm-hunarlarni chuqur egallash orqali erishish mumkin, deb hisobladilar. Ular yangi usul maktablari bilan bir qatorda, odamlarning dunyoqarashi va turmush tarzini o‘zgartirishga qaratilgan gazeta-jurnallar, nashriyot va kutubxonalar, teatrlar tashkil etdilar. Vatanimiz ozodligi va xalqimiz baxt-saodati yo‘lida jonini fido qilgan jadidlarning ilmiy-ma’rifiy, adabiy-badiiy merosi biz uchun bugun ham beqiyos ahamiyatga ega. O‘tgan asr boshlarida zamonaviy maktab g‘oyalarini targ‘ib qilish, keng omma oldiga olib chiqish anchayin mushkul zamonda Mahmudxo‘ja Behbudiy singari jadidlarimiz o‘z hisoblaridan maktablar ochdi. Yosh avlodni savodli qilish, haq-huquqlarini bilish, dunyo hamjamiyati sahnasiga olib chiqish yo‘lida xizmat qildi.
Insoniy qadr qimmat, sha’n va or-nomus uchun kurash, ehtimolki, jadidchilik harakatga kelishiga sabab bo‘lgan. O‘sha mahallar Chor hukumati istilosida bo‘lgan Sharq xalqlari, xususan, turkiy qavmlar jamiyatlari ta’limu maorif, umuman, ilm sohasidagi konservativ qarashlar, ongdagi aqidaviy stereotiplar tufayli tanazzul yoqasiga kelganini tarixdan xabari bor odamlar yaxshi biladi. Albatta, tafakkur va milliy ongdagi bunday falajlik istilochilar uchun ayni muddao bo‘lgan. Agar biz jadidchi bobolarimiz faoliyati va hayotiga shu rakursdan qarasak, ular millat va Vatan uchun naqadar kerakli va zarur ishga qo‘l urganini osonroq payqaymiz.
So‘nggi yillarda ma’naviy-ma’rifiy sohalarda katta ishlar amalga oshirilayotgani ham asossiz emas ekan, degan xulosaga kelasan kishi. Shu nuqtayi nazardan, mamlakatimizda Ma’naviyat va ijodni qo‘llab-quvvatlash maqsadli jamg‘armasi hamda Ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlar instituti tashkil etildi. Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tizimidagi xodimlar soni ikki karra oshirildi, ularni moddiy rag‘batlantirish choralari ko‘rildi. “Madaniy faoliyat va madaniyat tashkilotlari to‘g‘risida”gi qonun qabul qilingani soha rivojida muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. Milliy an’analarimizni asrab-avaylash va boyitish maqsadida Maqom, Baxshichilik va Askiya san’ati markazlari tashkil etildi. Shuningdek, “Bahor” raqs ansambli, Davlat filarmoniyasi, Davlat simfonik orkestri kabi 20 dan ortiq muassasalar faoliyati yo‘lga qo‘yildi. 11 ta yangi muzey, 2 ta teatr, 28 ta bolalar musiqa va san’at maktabi, 5 ta oliy ta’lim muassasasi tashkil etildi. Umuman, madaniyat va san’at sohasini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash hajmi 2017 yilga nisbatan 5 karra oshib, 2023 yilda bu maqsadlar uchun 712 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltirildi. “Maqom”, “Baxshichilik”, Hunarmandchilik, “Lazgi” kabi xalqaro festivallar an’anaga aylandi. 24 ta xorijiy mamlakatda, jumladan, qo‘shni davlatlarda “O‘zbekiston madaniyati kunlari” yuqori saviyada o‘tkazildi. YUNESKOning Insoniyat nomoddiy madaniy merosi ro‘yxatiga yana 9 ta milliy merosimiz namunasi, Buxoro shahri “Ijodkor shaharlar tarmog‘i”ga kiritildi. Shu yil sentyabrda YUNESKO Bosh qarorgohida buyuk bobomiz Abu Rayhon Beruniy tavalludi keng nishonlandi. Bu islohotlar, ochiqlik va pragmatizmga asoslangan siyosatning mevalari emasmi? Yig‘ilishida davlatimiz rahbari judayam haq gapni aytdilar: “Bugun zamon shiddat bilan o‘zgaryapti. Bu o‘zgarishlarni hammadan ham ko‘proq his etadigan kim – yoshlar. Mayli, yoshlar o‘z davrining talablari bilan uyg‘un bo‘lsin. Lekin ayni paytda o‘zligini ham unutmasin. Biz kimmiz, qanday ulug‘ zotlarning avlodimiz, degan da’vat ularning qalbida doimo aks-sado berib, o‘zligiga sodiq qolishga undab tursin”. Bunga nimaning hisobidan erishiladi? Albatta, tarbiya hisobidan. Ammo tarbiya degani faqat maktab tarbiyasidan iborat emas. Tarbiya birinchi oiladan va mahalladan boshlanadi.
Ma’naviyatni oshirishda teatrning o‘rni beqiyos. Shu ma’noda, Prezidentimiz teatr san’atini rivojlantirish bo‘yicha dastur ishlab chiqilishini ta’kidladi. Unda eng yaxshi pesalar uchun ijodiy buyurtma berish, ijodiy va yordamchi xodimlarning chet el teatrlarida mahoratini oshirish, yosh rejissyorlarni qo‘llab-quvvatlash uchun Mannon Uyg‘ur nomidagi mukofot ta’sis etish kabilar nazarda tutiladi. Korxona va muassasalarda oyning bir kuni “Teatr kuni” deb belgilanib, xodimlarning teatrlarga borishi yo‘lga qo‘yiladi. Inson va jamiyat hayotida, xalqning ma’naviy dunyosini, ongu tafakkurini yuksaltirishda teatr san’atining o‘rni va ahamiyati beqiyos ekanligini yaxshi anglaymiz. Buyuk ma’rifatparvar bobomiz Mahmudxo‘ja Behbudiy aytganlaridek, teatr haqiqatan ham ibratxona, qutlug‘ tarbiya va ma’rifat maskanidir. Jahondagi eng ommaviy va ta’sirchan san’at turlaridan biri bo‘lgan teatr asrlar davomida odamlarni insoniylik va ezgulikka chorlab, ularning qalbida olijanob fazilatlar, go‘zal his-tuyg‘ularni kamol toptirishga, jamiyat hayotida tinchlik, do‘stlik va hamjihatlik, yuksak axloq va adolat tamoyillarini mustahkamlashga xizmat qilib kelmoqda. Biz esa, aksincha, teatrlarga borishni unutib qo‘ydik. Vaholanki, azim poytaxtimiz Toshkent shahrida, barcha hududlarimizda yangi-yangi ilm-fan va madaniyat maskanlari, zamonaviy teatr va amfiteatrlar barpo etilayotganiga guvohmiz. Bu haqda gap ketganda, jumladan, Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek milliy musiqa san’ati instituti, Marg‘ilon shahar musiqali maqom teatri tashkil etilganini ta’kidlash lozim.
Xullas, hozirgi kunda shiddatli zamon, hayotning o‘zi barchamizning oldimizga o‘ta muhim va murakkab vazifalarni qo‘yayotgan, el-yurtimizni turli xavf-xatarlardan asrash, unib-o‘sib kelayotgan yosh avlodimizni Vatanga muhabbat va sadoqat, milliy va umumbashariy qadriyatlarga ehtirom ruhida barkamol insonlar etib tarbiyalash, jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurash olib borish dolzarb vazifaga aylangan bir paytda teatr bunda muhim rol o‘ynaydi. Qolaversa, o‘zbek tili bo‘yicha xalqaro fan olimpiadasi tashkil etiladi. Jamiyatimizda kitobxonlik madaniyatini oshirish qo‘llab-quvvatlanadi. Ijodiy buyurtmalar, muallif va tarjimonlarga qalam haqi ko‘paytiriladi. Nashriyot va matbaa korxonalarining moliyaviy imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida 5 yilga soliqlardan ozod qilinadi. Tarjima san’atini rivojlantirish, mehnatni munosib rag‘batlantirish uchun Ogahiy nomidagi xalqaro mukofot ta’sis etiladi. Bu kabi chora-tadbirlarning bari xalqimiz ma’naviyatini yuksaltirish yo‘lida boshlanayotgan yangi davr, desak yanglishmagan bo‘lamiz.
Toshpo‘lat Matibayev,
sotsiologiya fanlari doktori, professor.