Mamlakatning eng sara polvonlari Toshkentda kurashdi
Poytaxtimizda erkin kurash bo‘yicha o‘tkazilgan O‘zbekiston kubogi o‘z yakuniga yetdi hamda barcha g‘olib va sovrindorlar nomi aniqlandi.
Mamlakatimizning turli hududlaridan kelgan yuz nafardan ortiq polvonlar ishtirok etgan musobaqaning -61 kg. vazn toifasi final bahsida Behruzbey Turanmuradov Abdulloh Habibullayev ustidan g‘alaba qozondi. Ularga yarim finalda imkoniyatni boy bergan Alpamis Xidirniyozov va Shahram Karimov bronza medalga sazovor bo‘ldi.

Vazni 70 kilogrammgacha bo‘lgan erkin kurashchilar o‘rtasida Muhammadqodir Qo‘ldoshev, Komiljon Yusupov, Marimboy Olimov va Ixtiyor Normurodov kuchli uchlikdan joy oldi. -79 kg. vaznda Sardor Xudoyorov oltin, Jafar Cho‘liboyev kumush, Jafar Jalilov va Humoyun Hoshimov bronza medallari bilan taqdirlandi.
Shuningdek, Sadriddin Daminjonov, Sohib Hasanboyev, Askar Allambergenov va Sulaymon Veysalov -92 kg.da, Namoz Abdurashidov, Sardorbek Xolmatov, Otabek Nazirboyev hamda Aynazar Bazarbayev -125 kg.da g‘olib va sovrindorlarga aylandi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA