“Maktab ligasi” musobaqalari o‘quvchi yoshlarni chorlamoqda
Bugun, 10-sentabrdan “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan “Maktab ligasi” musobaqalariga start berildi.
Maktab o‘quvchilari o‘rtasida sportni ommalashtirish va iqtidorli yoshlarni aniqlash maqsadida 10 ta sport turi bo‘yicha o‘tadigan mazkur musobaqalarda ishtirok etish uchun ro‘yxatdan o‘tish 5tashabbus.uz platformasi orqali amalga oshiriladi.

Sportning yengil atletika, shaxmat, shashka, mini-futbol, voleybol, stol tennisi, vorkaut, stritbol, krossfit turlari hamda quvnoq startlar bo‘yicha tashkil etiladigan “Maktab ligasi”ning ilk bosqichi sentabr oyi davomida ta’lim muassasasida sinflararo o‘tkazilsa, ikkinchi bosqichi oktabr oyida maktablar o‘rtasida bo‘lib o‘tadi.
Shuningdek, “Maktab ligasi”ning uchinchi bosqichi noyabr oyida tashkil etilishi belgilangan.
Bundan tashqari, kelgusi yil ushbu o‘yinlarning hududlararo va respublika final bosqich musobaqalari o‘tkazilishi nazarda tutilgan.
T.Ro‘ziyev, O‘zA