Javohir Sindorov jamoasi Hindiston musobaqasida peshqadam
Bugun, 10-sentabr kuni Hindistonning Bangalor shahrida jamoalar o‘rtasida davom etayotgan “Tech Mahindra Global Chess League” turnirining navbatdagi kunida hamyurtimiz Javohir Sindorov yetakchiligidagi “FYERS American Gambits” jamoasi rossiyalik Yan Nepomnyashiy, Polina Shuvalova, amerikalik Levon Aronyan, Lener Dominges singari mahoratlilarni jamlagan “Gambits Ganges Grandmasters” jamoasi bilan kuch sinashadi.
Javohir Sindorov birinchi taxtada rossiyalik Yan Nepomnyashiyga qarshi dona sursa, ikkinchi taxtada Nihal Sarin Aronyan, Daniil Dubov Dominges, Bibisara Assaubayeva Shuvalova qarshiligini yengishga harakat qiladi.

Mukofot jamg‘armasi 1 million AQSH dollaridan iborat mazkur turnirning kecha o‘tkazilgan bahsida “FYERS American Gambits” jamoasi “Triveni Continental Kings” bilan ro‘baro‘ keldi.
Ushbu qarama-qarshilik o‘yinida deyarli barcha uchrashuvlarda murosa yo‘li tanlangan bo‘lsa, Javohir Sindorov Alireza Firuzdjani mag‘lub etishi natijasida “FYERS American Gambits” shaxmatchilari 8:5 hisobida g‘alabaga erishdi.

Bugungi tur uchrashuvlari oldidan Sindorov jamoasi 12 ochko bilan qo‘shimcha ko‘rsatkichlarga ko‘ra, peshqadamlikni davom ettirmoqda.

Magnus Karlsen yetakchiligidagi “Alpine Apl Pipers” va Yan Nepomnyashiy sardorligidagi “Ganges Grandmasters” jamoalari 12 ochko bilan keyingi pog‘onalarni band etgan.
Aylanma tizimda o‘tayotgan musobaqalar 12-sentabrga qadar davom etadi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA