Mahalladan boshlangan amaliy harakatlar xalqaro sport arenalariga yo‘l ochmoqda
Munosabat
Mamlakatimizda sport sohasini rivojlantirishga qaratilgan islohotlar ko‘lami yanada kengayadi. Prezidentimiz tomonidan imzolangan yangi tahrirdagi “Jismoniy tarbiya va sport to‘g‘risida”gi qonunda bu yo‘nilishda amalga oshirilayotgan davlat siyosatining huquqiy asoslari mustahkamlab qo‘yildi.

Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar jarayonida sport sohasini rivojlantirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilandi.
So‘nggi sakkiz yilda byudjetdan sportga berilayotgan yillik mablag‘ 250 milliard so‘mdan 3 trillion so‘mga oshirilgani sohaga qaratilayotgan e’tiborning yorqin dalilidir.
Yurtimizda sportni eng quyi bo‘g‘in, mahalladan boshlash uchun besh bosqichli ommaviy sport musobaqalari yo‘lga qo‘yilgan. Unga 15 million nafar aholi qamrab olindi. Undan tashqari o‘zbekistonlik yoshlar Osiyo va Olimpiya o‘yinlarida 50 dan ortiq rekord natijalarga erishgani, futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi ilk bor jahon chempionatiga yo‘llanmani qo‘lga kiritib, xalqimizning ko‘p yillik orzusini amalga oshirgani haqida g‘urur bilan gapirish mumkin.
Shu bilan birga sportni yanada ommalashtirish, manfaatdor tashkilot va idoralarning o‘zaro vazifalari va vakolatlarini qonun darajasida belgilash ehtiyoji yuzaga kelmoqda. Boisi, “Jismoniy tarbiya va sport to‘g‘risida”gi amalda bo‘lgan qonun 2015-yilda qabul qilingan bo‘lib, bugungi kun talablariga to‘liq javob bermaydi.
So‘nggi yillarda ommaviy sport, o‘quvchi va talabalar sporti, sport ta’limi, seleksiya, oliy sport, adaptiv sport, paralimpiya harakati, xususiy sport klublari, sport agenti va raqamlashtirish degan yangi yondashuvlar paydo bo‘ldi.
Shuningdek, sport turlarini e’tirof etish va kelishilgan o‘yinlarga qarshi kurashish kabi tartibga solinishi lozim bo‘lgan masalalar yuzaga kelishni boshladi.
Oddiy bir misol. Ommaviy sport, o‘quvchilar va talabalarni sportga jalb etish, sportchilarni tayyorlash va saralab olish tizimi amaldagi qonunda nazarda tutilmagan. Shuningdek, sport turlarini e’tirof etish, sport federatsiyalarini reyesterga kiritish tartibi, kelishilgan o‘yinlarga qarshi kurashish kabi masalalar tartibga solinmagan.
Ayni maqsadda bir guruh deputatlar tomonidan qonunchilik tashabbusi asosida ishlab chiqilgan “Jismoniy tarbiya va sport to‘g‘risida”gi qonun yangi tahrirda qabul qilindi va Prezident tomonidan imzolandi.
Qonun 8 ta bob va 65 ta moddadan iborat. Yangi qonunda aholini ommaviy sportga jalb qilish va ommaviy sport tadbirlarini tizimli o‘tkazib borish, sport turlarini e’tirof etish, ularning reyestrini yuritish tartibi takomillashtirilmoqda.
Qayd etish kerakki, hozirda 47 ta olimpiya, 27 ta paralimpiya, 85 ta noolimpiya, 3 ta milliy va 3 ta adaptiv, jami 165 ta sport turlari e’tirof etilgan va reyestrga kiritilgan.
Sport turini e’tirof etish uchun u respublikaning kamida 7 ta hududida rivojlangan bo‘lishi talabi o‘rnatilmoqda. Uni rivojlantirishda va musobaqalarni o‘tkazishda xalqaro tashkilotlarining sport turlari qoidalari qo‘llanilishi belgilanmoqda.
Eng asosiysi, sport musobaqalari natijalariga qonunga xilof ravishda ta’sir ko‘rsatishning oldini olish va unga qarshi kurashish choralari belgilanmoqda.
Ahamiyatlisi, Milliy olimpiya va paralimpiya qo‘mitasining huquqiy maqomi va vakolatlari, Paralimpiya, Surdolimpiya, Maxsus olimpiya
va Ko‘zi ojizlar sporti harakatlariga doir masalalar qonun darajasida belgilab qo‘yilmoqda.
Shu bilan birga, sport federatsiyalarining huquqiy maqomi, huquq
va majburiyatlari, ularni reyestrga kiritish va chiqarish mezonlari, sport klublari va sport ligalarining huquqiy maqomi va faoliyat yuritish tartibi, trener, sport hakami va sport agentining huquqiy maqomi, huquq va majburiyatlari ham o‘z ifodasini topmoqda.
Milliy antidoping agentligining huquqiy maqomi, sportda dopingning oldini olish va unga qarshi kurashish tartibi takomillashtirilmoqda. Jumladan, milliy antidoping qoidalari Butunjahon antidoping kodeksi asosida tasdiqlanadi. Antidoping qoidalarini buzganlik uchun qo‘llaniladigan choralar belgilanmoqda.
Shuningdek, davlatimiz rahbarining yaqinda qabul qilingan “Sport sohasini moliyalashtirish mexanizmlarini takomillashtirish va sohaga tadbirkorlik sub’ektlarini jalb qilishni kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida ham ayni yo‘nalishdagi ustuvor vazifalar belgilab berildi. Xususan, unda 2026-yil 1-apreldan boshlab sport sohasini boshqarishning zamonaviy mexanizmlarini joriy etilishi ko‘zda tutilgan.
Ya’ni, sport federatsiyai faoliyati bilan bog‘liq yillik barcha xarajatlarning kamida 20 foizi miqdorida homiylik kiritgan tadbirkorni sport federatsiyalarining ijro organlariga kiritish yo‘lga qo‘yiladi. Bunda boshqaruvda tadbirkorlar ishtirok etadigan sport federatsiyalari ro‘yxati Milliy olimpiya qo‘mitasi tomonidan Sport vazirligi bilan kelishilgan holda belgilanadi.
Ishonchli boshqaruvga berilgan professional futbol klublarida, klubni moliyaviy va strategik jihatdan qo‘llab-quvvatlash hamda moliyaviy shaffoflikni ta’minlash maqsadida Kuzatuv kengashi
va taftish komissiyasi tashkil etiladi.
Qaror bilan professional futbol klublari ishonchli boshqaruviga va sport federatsiyalariga jalb qilingan tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida bir qator imtiyozlar nazarda tutilmoqda. Xususan, 2026 yil 1 apreldan 2029 yil 1 aprelga qadar “Super liga” va “Pro liga”da ishtirok etuvchi futbol klublari futbolchilari jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ini to‘lashdan ozod qilinadi hamda ular uchun ijtimoiy soliq stavkasi 1 foiz miqdorida belgilanadi.
Xulosa qilib aytganda mazkur qonun va davlatimiz rahbarining qarori sport sohasini yanada rivojlantirishga xizmat qiladi. Jismoniy tarbiya va sportga oid munosabatlarni tizimli tashkil etish, amaliyotda mavjud bo‘lgan ayrim noaniqliklar va huquqiy bo‘shliqlarni bartaraf etishda muhim ahamiyatga ega. Pirovardida sport yanada ommalashadi. Tarixiy rekordlar yanada ko‘payadi.
Damir ISMAGILOV,
“TIQXMMI” Milliy tadqiqoqot universiteti
“Jismoniy tarbiya va sport” kafedrasi v.b. professori,
pedagogika fanlari doktori (DSc), dotsent.
O‘zA