Iroda va tenglik marafoni: Gulistonda inson qadri ulug‘landi
Bugungi kunda mamlakatimizda kechayotgan ijtimoiy islohotlarning bosh mezoni — har bir fuqaroga g‘amxo‘rlik ko‘rsatish, ularning jismoniy imkoniyatidan qat’i nazar, jamiyatning to‘laqonli a’zosi sifatida his etishini ta’minlashdan iborat.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek: “Inson qadrini ulug‘lash, uning huquq va manfaatlarini ta’minlash biz uchun nafaqat vazifa, balki muqaddas burchdir. Ayniqsa, ijtimoiy himoyaga muhtoj, nogironligi bo‘lgan vatandoshlarimizni qo‘llab-quvvatlash orqali biz jamiyatimizning ma’naviy qudratini namoyish etamiz”. Ana shu olijanob g‘oyalar ifodasi sifatida, Sirdaryo viloyatining ma’muriy markazi — Guliston shahrida “Inson uchun” shiori ostida o‘tkazilgan inklyuziv yugurish marafoni bag‘rikenglik va mehr-muruvvatning chinakam namoyishiga aylandi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi va viloyat hokimligi hamkorligida tashkil etilgan ushbu marafon sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish bilan birga, jamiyatda inklyuzivlik madaniyatini shakllantirishga xizmat qildi. Tadbirning o‘ziga xos jihati shundaki, unda nogironligi bo‘lgan ishtirokchilar ko‘ngillilar bilan yelkadosh bo‘lib, belgilangan masofani birgalikda bosib o‘tdi. Bu manzara jamiyatda hech kim nazardan chetda qolmasligini, o‘zaro hurmat va hamjihatlik har qanday to‘siqlarni yengib o‘tishini amalda ko‘rsatdi.
[gallery-28668]
Marafonda 300 nafarga yaqin nogironligi bo‘lgan shaxslar bilan bir qatorda, ming nafarga yaqin talabalar, nuroniylar va sport ishqibozlari qatnashgani Sirdaryo ahlining bunyodkorlik va birdamlik ruhidan dalolat beradi.
Tibbiyot mutaxassislarining fikricha, bu kabi ommaviy sport tadbirlari nafaqat ijtimoiy, balki yuksak biologik ahamiyatga ham ega. Nevropatolog Ahror Yo‘ljo‘rayev ta’kidlaganidek, muntazam jismoniy faollik yurak-qon tomir kasalliklari xavfini 20 foizga kamaytirib, asab tizimi va miya faoliyati uchun bebaho foyda keltiradi. Zero, Prezidentimiz ilgari surgan: “Sog‘lom millat — sog‘lom kelajak poydevoridir” degan tamoyil bugun har bir xonadonga, har bir shaharga kirib bormoqda.
Marafon yakunida 21 nafar sovrindorning pul mukofotlari va medallar bilan taqdirlanishi esa inson irodasining zafari sifatida barchaga katta kuch va ilhom bag‘ishladi. Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, Gulistonda o‘tkazilgan mazkur ijtimoiy harakat shunchaki sport bellashuvi emas, balki "Teng imkoniyatlar" g‘oyasining hayotiy ifodasi bo‘ldi. Bu kabi xayrli tashabbuslar jamiyatimizda mehr va oqibat rishtalarini yanada mustahkamlaydi. Prezidentimiz aytganlaridek: “Biz barchamiz bir bo‘lib, har bir inson o‘zini baxtli his etadigan adolatli jamiyat barpo etamiz”. “Inson uchun” marafoni Sirdaryo zaminida ana shu ulug‘ maqsad sari tashlangan muhim va qat’iy qadam bo‘lib qoldi.
G‘ulom Primov, Doston Qalandarov O‘zA muxbirlari