Shaxmatchilarimiz “Menorca-2026” turnirida qatnashmoqda
Ispaniyaning Menorka shahrida o‘tkazilayotgan “V Open Chess Menorca 2026” xalqaro turnirida O‘zbekiston terma jamoasining 7 nafar a’zosi “A” guruhida dona surmoqda.
51 davlatning 563 nafar shaxmatchisi qatnashayotgan turnirda jahonning kuchli grossmeysterlari Gukesh Dommaraju, Domingez Perez, Richard Rapport, Volodar Murzin, Sam Shankland, Abhimanyu Mishralar qatorida xalqaro maydonda katta tajriba to‘plab kelayotgan shaxmatchilarimiz Abdumalik Abdusalimov, Humoyun Bekmuratov, Umida Omonova, Gulruhbegim Tohirjonova, Guldona Karimova, Madinabonu Xalilova, Nilufarxon Imomqo‘ziyeva kerakli reyting ochkolarini jamg‘arish va munosib o‘rinlarni egallash yo‘lida harakatlanmoqda.

Mukofot jamg‘armasi 60 ming yevrodan iborat turnirda 3 ta tur o‘yinlari ortda qolgan vaziyatda hamyurtlarimizdan Humoyun Bekmuratov 15 nafar ishtirokchi singari 3 ochko bilan qo‘shimcha ko‘rsatkichlar evaziga 3-o‘rinda bormoqda.
Shuningdek, turnirda o‘z omadini sinovdan o‘tkazayotgan Abdumalik Abdusalimov va Umida Omonova 2,5 ochko bilan yetakchilarni ta’qib etmoqda. Nilufarxon Imomqo‘ziyeva va Gulruhbegim Tohirjonova 2 ochkoga ega bo‘lib turibdi.

9 ta turdan iborat bo‘lgan xalqaro turnir musobaqalari 12-aprelga qadar davom etadi.

T.Ro‘ziyev, O‘zA