Madhiyam - faxrim
O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasining matni va musiqaviy tahriri O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi to‘g‘risidagi qonuniga muvofiq tasdiqlanib, madhiya O‘zbekiston Respublikasi Davlat suverenitetining ramzidir. Madhiyaga hurmat va ehtirom bilan munosabatda bo‘lish O‘zbekiston Respublikasi har bir fuqarosining vatanparvarlik burchi sanaladi.
Davlat madhiyasining so‘zlari sevimli shoirimiz Abdulla Oripovga, kuyi Mutal Burxonovga tegishli bo‘lib, madhiya qoida tariqasida:
1) O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga kirishish chog‘ida — u qasamyod qabul qilganidan so‘ng;
2) O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi sessiyalarining va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati yalpi majlislarining ochilishi hamda yopilishi chog‘ida;
3) O‘zbekiston Respublikasida nishonlanadigan umummilliy bayramlarga bag‘ishlangan tantanali yig‘ilishlar va majlislarning ochilishi chog‘ida;
4) davlat televideniye va radioeshittirish kompaniyalari tomonidan har kuni — ko‘rsatuv va eshittirishlar boshlanishidan avval va tugaganidan so‘ng, ko‘rsatuv va eshittirishlar kechayu kunduz olib borilganida esa soat 6 da va soat 24 da, yangi yil kechasida — soat 24 da;
5) respublika hayotidagi muhim tarixiy voqealarni nishonlash yuzasidan, atoqli siyosiy, davlat, harbiy arboblar, xalq qahramonlari, fan, adabiyot va san’at arboblari sharafiga o‘rnatilgan haykallar, shuningdek monumentlar, yodgorliklar va boshqa inshootlarning ochilishi chog‘ida;
6) davlat organlari, boshqa tashkilotlar tomonidan o‘tkaziladigan marosimlar va boshqa tantanali tadbirlar vaqtida O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘ini ko‘tarish chog‘ida;
7) rasmiy safar bilan O‘zbekiston Respublikasiga tashrif buyurgan xorijiy davlatlar davlat va hukumat boshliqlarini kutib olish va kuzatish chog‘ida — tegishli xorijiy davlatning davlat madhiyasi ijro qilib bo‘linganidan keyin;
8) harbiy marosimlarni o‘tkazish vaqtida — O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining umumharbiy ustavlariga muvofiq;
9) umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, kasb-hunar va oliy ta’lim muassasalarida — yangi o‘quv yili boshlanishi va o‘quv yili tugashi marosimlari chog‘ida;
10) sport maydonlarida — O‘zbekiston Respublikasi chempionatlarini, milliy terma jamoalar ishtirokida xalqaro sport musobaqalarini o‘tkazish vaqtida hamda xalqaro sport musobaqalarining O‘zbekiston Respublikasi sport terma jamoalarining vakillari bo‘lgan g‘oliblarini mukofotlash marosimlarini o‘tkazish vaqtida;
11) O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari, xalq deputatlari Kengashlari deputatlari saylovlari yoki referendum kunlari — ovoz berish o‘tkaziladigan binolarda soat 8.00 da ijro etiladi.
O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi unga nisbatan lozim darajadagi hurmat ta’minlangan holda umummilliy bayramlar va tantanali tadbirlar vaqtida ham ijro etilishi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi orkestr, xor, ham orkestr ham xor tomonidan yoki o‘zga vokal va cholg‘u asboblari bilan ijro etilishi hamda bunda ovoz yozib olish vositalaridan foydalanilishi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi ko‘pchilik huzurida ijro etilganda, agar qonunchilikda boshqacha qoida belgilanmagan bo‘lsa, hozir bo‘lgan kishilar madhiyani tik turib va o‘ng qo‘l kaftini ko‘krakning chap tomoniga qo‘yib, harbiy yoki davlatning boshqa xizmatidagi maxsus kiyimdagi shaxslar esa qo‘lini bosh kiyimiga qo‘yib tinglaydi.
Agar O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasining ijro etilishi O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘ining ko‘tarilishi bilan birgalikda amalga oshirilsa, hozir bo‘lgan kishilar unga yuzi bilan buriladi.
Xorijiy davlatlar hududida O‘zbekiston Respublikasining muassasalari va tashkilotlari o‘tkazadigan tadbirlar vaqtida O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi o‘sha mamlakat tajribasi va mahalliy urf-odatlarini inobatga olgan holda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi belgilab qo‘yadigan qoidalarga muvofiq ijro etiladi.
Xulosa o‘rnida ta’kidlash lozimki, Davlat madhiyasining qonun doirasida ijro etilishi O‘zbekistonda istiqomat qilayotgan barcha shaxslarning mamlakat suvereniteti va ramzlarini hurmat qilishiga, faxr va iftixor tuyg‘ularining shakllanishiga erishiladi. Shu jumladan, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, kasb-hunar va oliy ta’lim muassasalarida muntazam ijro etilishining o‘zi yosh avlodning vatanparvarlik ruhida tarbiyalanishi va yurtga sadoqatli bo‘lib kamol topishiga xizmat qiladi.
M.Qodirova,
Toshkent davlat yuridik universiteti dotsenti