Loyiha doirasida kam ta’minlanganlarga ko‘maklashildi
Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi tomonidan “O‘zLiDeP 17 yoshda: 17 ming oilaga saxovat va ko‘mak” loyihasi doirasida hududlarda shakllantirilgan “Temir daftar”, “Yoshlar daftari” va “Ayollar daftari”ga kirgan extiyojmand, moddiy yordamga muhtoj oilalar holidan xabar olish, ularning mavjud muammolarini ijobiy hal etishga ko‘maklashish borasida keng qamrovli amaliy ishlar olib borilmoqda.
Mazkur hayrli tashabbusda partiyadan saylangan mahalliy Kengash deputatlari ham faol ishtirok etmoqda. O‘zLiDeP saylovoldi dasturida belgilangan “kuchli ijtimoiy faollik” masalasini asosiy vazifalardan biri etib belgilagan xalq deputatlari Namangan shahar Kengashi deputati, “Art Soft Holding” kompaniyasi boshqaruvi a’zosi G‘iyosiddin Boboxonovning sa’y-harakati bilan koronavirus pandemiyasi davrida “17-Chorsu” saylov okrugi hududidagi 200 dan ziyod ehtiyojmand aholi xonadonlariga oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berildi. Saxovatpesha tadbirkor va deputat partiyaning ezgu loyihalarida ham faol ishtirok etmoqda.
Saylov okrugi hududida yashovchi, “Temir daftar”ga kiritilgan ehtiyojmand ayol Z. A. ning o‘ta avariya holga kelib qolgan yashash uyini qayta qurib bitkazish uchun sement, shag‘al, g‘isht, yog‘och va shifer mahsulotlari kabi qurilish materiallarini homiylik asosida yetkazib berildi. Hududda istiqomat qiluvchi keksa nuroniylar, bir necha yillardan buyon bemor bo‘lgan kam ta’minlangan xonadon vakillari holidan uyma-uy yurib xabar olindi, ularga mehr-muruvvat ko‘rsatildi.

O‘zLiDeP tomonidan e’lon qilingan loyiha doirasidagi bunday xayrli ishlar deputatlar, partiya xodimlari va faollari hamda tadbirkorlar tomonidan davom ettirilmoqda.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA