Kun tarixi: Asrlar davomida Samarqandda saqlangan Usmon Mushafini Peterburgga kim yuborgan?
Vatanimiz tarixidagi 24 oktyabr sanasi bilan bog‘liq ayrim voqealar bayoni.
1511 yil (bundan 513 yil oldin) – Andijondanyarim farsax (taxminan 4 kilometr) uzoqlikdagiTutluk degan joyda Andijonni egallash uchun yurishqilgan Qashqar hokimi Abobakr mirzo va Andijonhukmdori Sulton Sayidxon o‘rtasida jang bo‘lib o‘tdi. Jangda Sulton Sayidxonning bir yarim mingkishilik qo‘shini Abobakr mirzoning yigirma ming kishilik qo‘shini ustidan zafar kozondi. Abobakrmirzo qo‘shini katta talafot ko‘rdi, bir qismi asir olindi.
1869 yil (bundan 155 yil oldin) – Turkiston general-gubernatori Konstantin fon Kaufman Samarqandda saqlangan Usmon Mushafini Peterburgdagi Imperator xalq kutubxonasiga yuborish haqida ko‘rsatma berdi. Bundan bir necha oy oldin Zarafshon okrugi boshlig‘i general-mayor Abramov Turkiston general-gubernatoriga Usmon Qur’onini Samarqanddagi Xo‘ja Ahror masjididan olganligi to‘g‘risida xabar bergan edi.
Abramovning Kaufmanga yozishicha, Samarqand bosib olinganda ruhoniylar bu qo‘lyozmani Buxoroga olib ketish maqsadida yashirishgan. Bu holat haqida general Abramovga uning ayg‘oqchilari xabar qilishgan. Abramov bu qimmatbaho qo‘lyozmani olish haqida Samarqand uyezdi boshlig‘iga buyruq berib, u orqali ulamolarga tazyiq o‘tkazib, uni “o‘z ixtiyorlari” bilan topshirishga majburlagan. Usmon Qur’oni eng qadimgi qo‘lyozmasining Samarqandga kelib qolishi haqida turli rivoyatlar bor.
1942 yil (bundan 82 yil oldin) – O‘zbekiston SSR Xalq Komissarlar Sovetining 1421-qarori bilan O‘zbekiston SSR Jinoyat kodeksining ba’zi moddalari to‘ldirildi. Unga ko‘ra, qand lavlagiga har qanday zarar yetkazish, qand lavlagi bo‘yicha davlat rejasini bajarishga qarshi to‘sqinlik qilishga qaratilgan har qanday harakat barcha mol-mulk musodara qilingan holda, o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum etish bilan jazolanadigan bo‘ldi.
1959 yil (bundan 65 yil oldin) – soat 23:40da Burchmullada zilzilasi sodir bo‘ldi. Zilzila kuchi epitsentrda 8 ball, Toshkentda 5 ball bo‘lgan. 60 kun davomida 5–6 balli silkinishlar qaytarilib turgan. Bu davrda ko‘p turar joylar vayron bo‘lgan.
1970 yil (bundan 54 yil oldin) – Samarqand tarixi muzeyi ochildi. Muzeyning eng nodir eksponatlari orasida markaziy zaldagi, bir vaqtlar muzey binosidan bir necha yuz metr G‘arbda joylashgan elchilarni qabul qilish xonasini bezagan VII asr devoriy suratlari alohida o‘rinni egallaydi. Bu zal VII asrning uchinchi choragida Samarqandda hukmronlik qilgan Varxuman oilasining qarorgohida bo‘lgan.
1993 yil (bundan 31 yil oldin) – Toshkentda Xolid Malik boshchiligida Birlashgan Millatlar Tashkiloti kuni hamda ushbu Xalqaro tashkilotning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rasmiy ravishda ochilishiga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi.
Ma’lumot o‘rnida qayd etish joizki, O‘zbekiston Respublikasi jahon hamjamiyatining teng huquqli a’zosi sifatida BMTga 1992 yil 2 mart kuni a’zo bo‘lgan edi.
1994 yil (bundan 30 yil oldin) – Parij shahrida YUNESKOning majlislar o‘tkaziladigan zalida “Ulug‘bek va buyuk Temuriylar davri” mavzusida Xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi hamda “Ulug‘bek va an’anaviy san’at” ko‘rgazmasi ochildi.
1995 yil (bundan 29 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov Birlashgan Millatlar Tashkiloti 50 yilligi munosabati bilan Bosh Assambleya majlisida nutq so‘zladi.
1996 yil (bundan 28 yil oldin) – Toshkent shahrida “Amir Temur va uning jahon tarixida to‘tgan o‘rni” mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi.
1998 yil (bundan 26 yil oldin) – Ahmad Farg‘oniyning 1200 yillik yubileyi tantanali ravishda nishonlandi. Farg‘ona shahrida Ahmad Farg‘oniy nomi bilan ataladigan istirohat bog‘i ochildi. Quva shahrida Ahmad Farg‘oniyga haykal o‘rnatildi.
Yevropada Alfraganus nomi bilan tanilgan AbulAbbos Ahmad ibn Muhammad ibn Kasir Farg‘oniy o‘rta asrlarning eng ko‘zga ko‘ringan allomalaridan biri edi. Olimning ismi fan tarixida mashhur bo‘lishiga qaramasdan, uning hayoti va ilmiy faoliyati haqidagi ma’lumotlar juda oz. Uning tug‘ilgan yili mantiqiy hisoblar natijasida 798 yil (ba’zi adabiyotlarga ko‘ra 797 yil) deb topilgan.
Farg‘onada tug‘ilgan olim keyinchalik Bag‘dod shahriga ko‘chib o‘tib, Bag‘dod ilmiy maktabi – “Bayt ul-hikma” (“Donishmandlar uyi”)da ijod qiladi. U 832–833 yillari Suriya shimolidagi Sinjor sahrosida yer meridianining bir darajasi uzunligini o‘lchashda qatnashadi. Bundan tashqari, olim 861 yili Qohira atrofidagi Ravdo oroliga o‘rnatilgan nilomerni ta’mirlagan.
Tarixchi olim Abdulahad Muhammadjonovning ma’lumot berishicha, musulmon mamlakatlari bo‘ylab safarga chiqqan Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi ekspeditsiya a’zolari 1997 yil 5 dekabrda Misr Arab Respublikasida bo‘lishib, Ahmad Farg‘oniy hayotini o‘rganishlari natijasida u Misrning Fustat shahrida vafot etgani, Munattam tog‘ining sharqiy qismidan sal narida joylashgan Imom Shofe qabristoniga dafn etilganligini aniqlashdi. Vaqt o‘tishi bilan uning qabri yo‘qolib ketgan. U yerdan olib kelingan tuproq Farg‘ona vodiysining Quva shahrida 1998 yil barpo etilgan ramziy qabrga qo‘yildi.
2022 yil (bundan 2 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “”Oliy ta’lim a’lochisi”hamda “O‘rta-maxsus va professional ta’lim a’lochisi” ko‘krak nishonlarini ta’sis etish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Alisher EGAMBERDIEV tayyorladi