Kriptovalyutalarni soliqqa tortish va ularni tartibga solish masalalari kun tartibida
Toshkent shahrida o‘tkazilayotgan “Ipak yo‘li” XVIII soliq forumi o‘z ishini davom ettirmoqda. Forumning ikkinchi kuni doirasida ishtirokchilar mintaqada soliq siyosati va soliq ma’muriyatchiligini rivojlantirishga oid muhim va dolzarb masalalar muhokamasini davom ettirdi.
Forum ishi qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS) tizimini takomillashtirishga bag‘ishlangan sessiya bilan boshlandi. Unda samarali QQS modelini shakllantirishning asosiy tamoyillari, uning mintaqada qo‘llanilish xususiyatlari, shuningdek, raqamli iqtisodiyot va transchegaraviy operatsiyalarni soliqqa tortish masalalari atroflicha ko‘rib chiqildi. Mutaxassislar mazkur yo‘nalishda ilg‘or xalqaro tajribalarni joriy etish zarurligini ta’kidladi.

Keyingi sessiyada kriptovalyutalar va raqamli aktivlarni soliqqa tortish masalalari muhokama qilindi. Ekspertlar jadal rivojlanayotgan mazkur bozorni tartibga solish, shaffoflikni ta’minlash va aniq soliq qoidalarini ishlab chiqish, shuningdek, axborot almashinuvi bo‘yicha xalqaro standartlarga moslashish masalalariga alohida e’tibor qaratdi.
Shuningdek, alohida sessiya transchegaraviy soliqqa tortishning texnik jihatlariga bag‘ishlandi. Unda ikki tomonlama soliq solishning oldini olish bo‘yicha bitimlarni rivojlantirish, shuningdek, oldindan kelishilgan narx belgilash mexanizmlari (Advance Pricing Agreements — APA)ni amaliyotga joriy etish masalalari ko‘rib chiqildi.

Mazkur forum soliq sohasidagi zamonaviy yondashuvlarni shakllantirish, mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash va amaliyotga yo‘naltirilgan takliflarni ishlab chiqishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA