Farg‘onaga tashrif iqtisodiy taraqqiyotning yangi bosqichini namoyon qildi
Davlatimiz rahbarining Farg‘ona viloyatiga tashrifi, unda belgilab berilgan ustuvor vazifalar hudud ravnaqini yanada yuqori bosqichga ko‘tarishda muhim ahamiyatga ega hisoblanadi. Mazkur tashrifning mazmun-mohiyati va ahamiyati haqida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Mavluda Ibragimova o‘z munosabatini bildirdi:
— Prezidentimizning Farg‘ona viloyatiga tashrifi hudud iqtisodiyotini diversifikatsiya qilish, mahalliy xomashyoni chuqur qayta ishlash, eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish, zamonaviy qishloq xo‘jaligi, turizm, ta’lim va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishga qaratilgan islohotlarning amaliy natijalarini ko‘rsatdi. Ushbu tashriflar orqali sanoatdan tortib agrar sohagacha, yoshlar bandligidan investitsiya muhitigacha bo‘lgan barcha yo‘nalishlarda “yuqori qo‘shilgan qiymat yaratish” tamoyili ustuvor ekani yana bir bor namoyon bo‘ldi.
Xususan, “Crown Ceramic” qo‘shma korxonasi faoliyati bilan tanishuv mahalliy xomashyo asosida import o‘rnini bosuvchi va eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilganini ko‘rsatdi. Oddiy xomashyoni yuqori qiymatli mahsulotga aylantirish, energiya tejamkor texnologiyalar, raqamlashtirish va ekologik yondashuvlar nafaqat sanoat samaradorligini, balki hududning eksport salohiyatini ham oshirmoqda. Bu esa sanoatlashuvning yangi bosqichini anglatadi.

“Quva Agrostar” va agrovoltaika majmualari bilan tanishuv qishloq xo‘jaligida an’anaviy yondashuvdan kompleks agrobiznes modellariga o‘tish boshlanganini tasdiqladi. Yetishtirish – saqlash – qayta ishlash – eksport zanjirining yagona tizimga aylanishi dehqon va tomorqa egalari daromadini oshirishga xizmat qilmoqda. Shu bilan birga, “yashil” energiya, suv tejovchi texnologiyalar va agrodronlardan foydalanish orqali agrar sohada samaradorlik, ekologik barqarorlik va raqobatbardoshlik ta’minlanmoqda.
Karkidon suv ombori hududidagi yangi turizm majmuasi hamda Burhoniddin Marg‘inoniy ilmiy-ma’rifiy va turizm majmuasining ochilishi Farg‘onaning turizm va madaniy meros salohiyatini yangi bosqichga olib chiqmoqda. Bu loyihalar nafaqat sayyohlar oqimini oshirish, balki xizmatlar eksporti, yangi ish o‘rinlari va hududiy brendni shakllantirishga xizmat qiladi. Ayniqsa, tarixiy merosni zamonaviy turizm infratuzilmasi bilan uyg‘unlashtirish mamlakatning xalqaro imijini mustahkamlaydi.
Quva tumanidagi 1-sonli texnikum va Farg‘ona shahridagi “IT Park Uzbekistan” majmuasiga tashrif inson kapitaliga sarmoya eng muhim strategik ustuvorlik ekanini ko‘rsatdi. Yoshlarni zamonaviy kasblar, xorijiy tillar, IT, sun’iy intellekt va startap muhitiga jalb etish kelgusida yuqori daromadli iqtisodiyot uchun mustahkam kadrlar bazasini yaratadi. Bu esa “resurslarga emas, bilimga tayangan iqtisodiyot” modeliga o‘tishning amaliy ifodasidir.
Umuman, Farg‘ona viloyatida amalga oshirilayotgan loyihalar — sanoat korxonasi, agromajmua, turizm markazi, texnikum yoki IT-park bo‘lishidan qat’i nazar, avvalo, inson manfaati, yangi ish o‘rinlari, barqaror daromad va zamonaviy hayot sifatini ta’minlashga qaratilgan.
Bunday tashriflar joylardagi mavjud imkoniyatlarni chuqur tahlil qilish, istiqbolli loyihalarni tezlashtirish va aholi farovonligiga bevosita ta’sir qiluvchi vazifalarni belgilab olishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Muhtarama Komilova yozib oldi.
O‘zA