“Karera kuni” – bitiruvchilar uchun yangi imkoniyatlar maydoni
“Karera kuni” nafaqat bo‘sh ish o‘rinlari taqdimoti, balki ish beruvchilar va yosh mutaxassislar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot maydoni bo‘lib xizmat qiladi. Bunday tadbirlar yoshlarning kasbiy yo‘nalishini aniqlash, ularni amaliy tajriba bilan bog‘lash hamda bandlik darajasini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Aynan shu maqsadda, O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetida “Karera kuni”, “Workshop” va “Kelajakka qadam” dasturlari doirasida bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi o‘tkazildi.
Endilikda zamonaviy media muhit an’anaviy qoliplardan voz kechmoqda. Yarmarkada ishtirok etgan 50 dan ortiq tashkilotlar, jumladan, davlat va xususiy OAVlar, vazirlik va idoralarning matbuot xizmatlari vakillari bir ovozdan mutaxassisning faqatgina yozish qobiliyati bugun uchun yetarli emasligini ta’kidladi.
Jurnalistikada sohalararo hamkorlik turli mavzulardagi maqolalarni oddiy va tushunarli tilda, mutaxassis darajasida tahlil qilish imkonini beradi. Bu esa, o‘z navbatida, yuzaki axborotchilikdan professional tahliliy jurnalistikaga o‘tish demakdir. Tadbir doirasida jurnalistik tadqiqotlarning o‘rni aynan shu misol bilan ko‘rib chiqildi.
[gallery-29101]
“Kelajakka qadam” dasturi yosh jurnalistlar, muharrirlar va tahlilchilar uchun o‘ziga xos pog‘ona vazifasini o‘tamoqda. Yangi avlod vakillarining raqamli media muhitda axborotga ishlov berish tezligi an’anaviy usullardan bir necha barobar yuqori. Mahorat darslari va taqdimotlar davomida yoshlarning shijoati va innovatsion yondashuvlari media sohasidagi muammolarga yangicha yechimlar taklif qila olishini isbotladi.
Media sohasidagi bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi soha ehtiyojlarini o‘rganish uchun o‘ziga xos markaz vazifasini o‘tamoqda. Zamonaviy media muhitda muvaffaqiyat qozonish uchun doimiy o‘rganish va texnologik yangiliklarga ochiq bo‘lish talab etiladi. Ushbu tadbir orqali talabalar o‘z kelajaklarini belgilab olgan bo‘lsalar, ish beruvchilar sohani yangi bosqichga olib chiqadigan “yangi qon” – iste’dodli kadrlarni topish imkoniga ega bo‘ldi. Zero, kuchli media professional kadrlar va zamonaviy texnologiyalarning o‘zaro uyg‘unligi mahsulidir.
Dildora DO‘SMATOVA,
Farhod Abdurasulov (surat), O‘zA