Kredit sovg‘a yoki ehson emas
So‘nggi vaqtlarda tijorat banklari tomonidan ajratilgan kreditlarni o‘z vaqtida qaytarmaslik holatlari ko‘p uchramoqda.
Kredit olgan shaxslar bank mablag‘larini o‘z vaqtida qaytarmasligi natijasida ularning mol-mulklari sud qarorlari asosida undiruvga qaratilib, xatlovga olinishiga sabab bo‘lishini fuqarolar anglashi lozim.
Birgina Majburiy ijro byurosining Qibray tumani bo‘limi ish yurituviga o‘tgan davrda Tijorat banklari foydasiga undiruv bilan bog‘liq 630 ta 102,6 milliard so‘mlik ijro hujjatlari bo‘yicha ijro harakatlari olib borildi. Shundan 51 foiz ijrosi to‘liq tamomlandi.

Shuningdek, so‘nggi ikki oyda hudud bo‘yicha kredit qarzdorligini o‘z vaqtida to‘lamagan jismoniy shaxslarga tegishli bo‘lgan yigirmadan ortiq avtotransport vositalari majburiy tartibda jarima maydonlariga joylashtirilib, belgilangan tartibda onlayn-auksion savdolariga chiqarilmoqda.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Chirchiq tumanlararo sudining 2025 yildagi ijro varaqasiga asosan qarzdor M.Ruziyevdan undiruvchi AT “Aloqa bank” Toshkent viloyati filiali foydasiga 239 million so‘m qarz undirish to‘g‘risidagi ijro hujjati chiqarilgan. Shu bo‘yicha qarzdorga tegishli bo‘lgan avtotransport vositasi xatlanib, aprel oyida auksion savdolariga chiqarildi.

Kreditni olish, ishlatish va qaytarishda mas’uliyatni his etish talab etiladi. Zero kredit bu sovg‘a yoki ehson emas, u moliyaviy maqsadlarga erishish uchun imkoniyatdir. Bu imkoniyatdan foydalanib, o‘z vaqtida mablag‘lar banklarga qaytarilmasa ko‘ngilsiz holatlarni keltirib chiqarishi mumkin.
Joylarda bu borada tushuntirish ishlari olib borilmoqda. Aholi vakillari bilan uchrashuvlarda to‘lovlarni vaqtida to‘lamaslikning salbiy oqibatlari misollar bilan asosli tarzda tushuntirilmoqda.
Rahmatilla Azimov,
Byuroning Qibray tuman bo‘limi boshlig‘i.
O‘zA