Janubda 700 ming tonnadan ortiq servitamin mahsulot yetishtirilmoqda
“Bir mahalla – bir mahsulot”
Surxondaryo viloyatida bahorgi oziq-ovqat ekinlari hosili yig‘ishtirib olinmoqda.
Ertagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishda qulay iqlimga ega vohada joriy yil hosili uchun to‘qsonbosti usulida 33,5 ming gektar maydonda piyoz, sarimsoqpiyoz, sabzi, osh lavlagi, turli ko‘kat, karam va boshqa oziq-ovqat ekinlari urug‘i ekilib, parvarish qilindi. Ana shu maydonlarning 6,5 ming gektarida piyoz yetishtirildi. Ayni kunlarda fermer xo‘jaliklari va tomorqalarda pishib, yetilgan piyoz peshma-pesh yig‘ib olinib, mahalliy bozorlar hamda xorijdagi buyurtmachilariga yetkazib berilmoqda.

Qumqo‘rg‘on tumanidagi Yangi qishloq mahallasi tomorqachilari “Bir mahalla – bir mahsulot” tamoyili asosida piyoz va karam yetishtirmoqda. Bu yil bahorgi hosil uchun mahalladagi 785 xonadonning 505 dan ortig‘i piyoz parvarishladi.

– O‘tgan yil kuzda tomorqamizning 12 sotixiga serhosil va ertapishar piyoz urug‘ini sepgan edik, – deydi mahallada yashaydigan Omonbobo Abdurahmanov. – Hosil biz kutgandan mo‘l bo‘lib, erta pishib yetildi. Yaxshi daromad keltirdi. Bundan tashqari, to‘rt sotix yerda barpo etgan issiqxonamizda bulg‘or qalampiri ham parvarishlayapmiz. Tomorqadan unumli foydalanish xalqimizni sifatli, arzon oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlab, oilamizning to‘kin turmush kechirishida muhim o‘rin tutmoqda.

Viloyatda bu yil bahorda fermer va tomorqa egalari ertagi piyozdan 160 ming tonnadan ortiq hosil olishni mo‘ljallayapti. Shuningdek, yig‘ib olinayotgan bahorgi kartoshka, rediska, turli ko‘kat, sabzi, karam singari oziq-ovqat mahsulotlari ham bozorlarda narx-navo barqaror saqlanishiga xizmat qilmoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, viloyat sohibkorlari bahorgi qishloq xo‘jaligi ekinlaridan 700 ming tonnadan ortiq oziq-ovqat mahsulotlari yig‘ib olishni ko‘zda tutmoqda.
Mutaxassislarning aytishicha, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari parvarishlashda boy tajribaga ega vohada keyingi yillarda “Bir mahalla – bir mahsulot” tamoyili asosida oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirishning yo‘lga qo‘yilgani mo‘l hosil olishda muhim omil bo‘lmoqda. Hozir viloyatdagi 723 ta mahallaning 602 tasida ana shu tamoyil asosida turli mahsulot parvarishlanmoqda. Jumladan, 311 tasi sabzavotchilik, 84 tasi kartoshka parvarishlash, 15 tasi polizchilik, 105 tasi meva va bog‘dorchilik, 11 tasi rezavor mevalar yetishtirish hamda 72 tasi chorvachilikka ixtisoslashdi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri