Kolumbiyada harbiy samolyot halokati: 66 kishi vafot etdi
Kolumbiya janubida sahnida 125 kishi bo‘lgan C-130 "Hercules" rusumli harbiy-transport samolyoti halokatga uchradi. So‘nggi ma’lumotga ko‘ra, hodisa oqibatida kamida 66 kishi hayotdan ko‘z yumgan.
Puerto-Legisamo shahridan havoga ko‘tarilgan uchoq bor-yo‘g‘i ikki kilometr masofani ortda qoldirgach, yerga qulagan. Jami 125 nafar harbiy — 114 yo‘lovchi va 11 nafar ekipaj a’zosi Peru va Ekvador bilan chegaradosh Putumayo tomon yo‘l olgan edi. Voqea joyida qutqaruv ishlari davom etyapti. Bir necha insonning taqdiri hamon noaniq. Tirik qolganlar evakuatsiya qilingan va Bogota va boshqa yirik shaharlardagi shifoxonalarga yetkazilgan. Kolumbiya mudofaa vaziri Pedro Sanches harbiy bo‘linmalar voqea joyida ishlayotgani, holat to‘liq nazoratga olinganini ma’lum qildi.
Halokat sababi hozircha aniq emas, mutaxassislar farazi texnik nosozlik yoki inson omili ehtimoliga ishora qilyapti. C-130 "Hercules" o‘tgan asr 50-yillaridan beri foydalanib kelinadi. Kolumbiya ushbu rusumdagi ilk samolyotlarni 1960-yil sotib olgan. Fevral oyi oxirida Boliviyada ham shunday uchoq halokatga uchragani mintaqa harbiy aviatsiya qurilmalari yangilanishi zarurligini ko‘rsatmoqda. Avvalroq mudofaa vaziri byurokratik to‘siqlar tufayli texnika vositalari takomillashtirilishi kechikishini ma’lum qilgan edi.
F. Yaxshiboyeva, O‘zA