Ko‘klam jilosi: poytaxtda gullagan pavlovniyalar
FOTOREPORTAJ
Poytaxtimizning Yangihayot tumanida joylashgan Qo‘rg‘ontepa ko‘chasida bahor o‘zgacha chiroy ochgan – bu yerda yo‘l yoqalab gullagan pavlovniya daraxtlari atrofga betakror husn bag‘ishlamoqda.
Erta bahorda gul ochadigan ushbu noyob daraxt o‘zining nafis va xushbo‘yligi bilan ajralib turadi. Qator tizilgan daraxtlar gulga kirgan paytda ko‘cha go‘yo tabiiy gulzorga aylanib, yo‘lovchilar uchun ko‘zni quvontiruvchi manzara yaratadi. Har bir daraxt tabiatning nozik san’at asaridek, yo‘lovchilarni bir lahza to‘xtab, ko‘klam go‘zalligidan bahra olishga undaydi.
[gallery-28448]
Pavlovniya daraxti tez o‘sishi va ekologik jihatdan foydali xususiyatlari bilan dunyo miqyosida katta qiziqish uyg‘otgan. U havoni tozalash, kislorod ishlab chiqarish hamda shahar muhitini sog‘lomlashtirishda muhim ahamiyatga ega. Qo‘rg‘ontepa ko‘chasidagi pavlovniyalarning gullashi esa nafaqat estetik jihatdan, balki ekologik ahamiyati bilan ham diqqatga sazovor.
Mahalliy aholining ta’kidlashicha, so‘nggi yillarda hududda ko‘kalamzorlashtirish ishlariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Pavlovniya kabi manzarali va foydali daraxtlarni ekish esa bu sa’y-harakatlarning amaliy natijasidir. Ayniqsa, nihol bo‘y ko‘rsatib, gulga kirgan davrda hosil bo‘lgan go‘zal manzara kishilarga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishlaydi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, pavlovniya daraxtini shahar infratuzilmasida keng joriy etish ekologik barqarorlikni ta’minlashga xizmat qiladi. Shu bilan birga, bu kabi tashabbuslar aholi o‘rtasida tabiatga bo‘lgan ehtirom va mas’uliyatni yanada oshiradi.
Qo‘rg‘ontepa ko‘chasidagi bugungi manzara bizga go‘zallik doimo yonimizda ekanligini eslatadi. Zero, go‘zallik tabiat bilan uyg‘un yashaydi, faqat uni ko‘ra bilishimiz muhim.
Kamola Yusupova, Oybek Pardayev (surat), O‘zA