Kambag‘allikni qisqartirish iqtisodiy o‘sishga erishishning muhim sharti sanaladi
Munosabat

Mamlakatimizda kambag‘allikni qisqartirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Bu borada tizimli ishlar sifatida aholining kam ta’minlangan qatlami bandligini oshirish, ta’lim va tibbiy xizmatlarni kengaytirish hamda ijtimoiy himoyani samarali tashkil etishga keng e’tibor qaratilganmoqda.
O‘tgan 2025-yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston keyingi yillarda kambag‘allikni qisqartirishning eng sezilarli sur’atlarini aks ettirdi. Bunga bandlik, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va aholining zaif qatlamlarini iqtisodiy faoliyatga jalb qilish orqali erishildi.
Jumladan, 2025-yilda 5 million aholimiz daromadli bo‘lib, ishsizlik darajasi 5,5 foizdan 4,9 foizga tushdi. Bu qariyb 1,5 million ehtiyojmand aholi kambag‘allikdan chiqarilganini, ilk bor 1 ming 435 ta mahalla “kambag‘allikdan xoli” hududga aylanini ifodalaydi.
Ijtimoiy sohada amalga oshirilgan ishlar ham muhim ahamiyat kasb etdi. Masalan, kambag‘al oila farzandlaridan 168 ming nafari davlat maktabgacha ta’lim muassasalariga imtiyozli qabul qilingan. Bu esa onalarning mehnat qilishlari uchun imkoniyat yaratdi.
Respublika bo‘yicha aholini mehnat faoliyatiga jalb qilish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish orqali jami 465,2 ming nafar fuqarolar korxona va tashkilotlardagi mavjud bo‘sh va yangi ish o‘rinlariga joylashtirildi. Yaratilgan shart sharoitlar orqali aholi daromadlari oshdi. Inson mehnat qilib daromad olarkan, uning hayotga bo‘lgan ishonchi oshib, oilada o‘z mavqeini mustahkamlaydi. Shuningdek ijtimoiy to‘lovlar, pensiyalar, qishloq xo‘jaligidan olingan daromadlar ham kambag‘al oilalarni asosiy manbalari bo‘lib qolmoqda.
Yangilangan “O‘zbekiston-2030” strategiyasida mamlakatda kambag‘allik darajasini qisqartirish bo‘yicha ustuvor yo‘nalish sifatida aholiga zamonaviy kasb-hunar o‘rgatish belgilangan. Bugun ta’limga innovatsion yondashib, zamonaviy texnologiyalarga asoslangan kasblarga o‘qitish, xorijiy tillarni o‘rganishga imkoniyat yaratish davr talabi. Bu borada xususiy sektor xizmatlaridan kengroq foydalanish orqali 100 foiz natijaga erishish rejalashtirilgan.
Strategiyada shuningdek, mehnatga layoqatli yoshdagi aholi, jumladan, yoshlar va nogironligi bo‘lgan shaxslarning bandligini ta’minlash orqali ishsizlik darajasini 4 foizgacha kamaytirish nazarda tutilgan.
Natijada 2030-yilga qadar mamlakatda iqtisodiyot hajmini ikki barobarga oshirish, aholining daromad darajasi o‘rtachadan yuqori bo‘lgan mamlakatlar guruhiga kiritish rejalashtirilgan.
Shu bilan birga, 2 million nafar fuqaroni zamonaviy texnika va texnologiyalardan foydalanishga o‘rgatish orqali ularni doimiy daromad manbaiga ega qilish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, ishsiz va rasmiy daromadga ega bo‘lmagan aholining kasb-hunar, tadbirkorlik ko‘nikmalari hamda xorijiy tillarni o‘rganish xarajatlarini qoplab berish orqali ularning iqtisodiy faolligini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Yoshlar siyosati doirasida esa ularning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish va ishsizlik darajasini kamaytirish ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilangan. Jumladan, 2030-yilga qadar yoshlar o‘rtasida ishsizlik darajasini 8 foizgacha tushirish, 400 ming nafar yoshning bandligini ta’minlash bo‘yicha aniq maqsadli ko‘rsatkichlar belgilangan.
Bundan tashqari, IT sohasini yanada ommalashtirish va xizmatlar eksportini kengaytirish maqsadida 300 ming nafar yoshni mazkur sohada ish bilan ta’minlash, har yili 50 ming nafar maktab o‘quvchisini xalqaro mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan zamonaviy IT kasblariga o‘qitish vazifalari belgilab berilgan.
Xulosa qilib aytganda, “O‘zbekiston-2030” strategiyasi mamlakatning barqaror taraqqiyotini ta’minlashda inson omilini bosh mezon sifatida belgilaydi. Aholini zamonaviy kasb-hunarga o‘qitish va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash orqali kambag‘allikni qisqartirish shunchaki ijtimoiy vazifa emas, balki milliy iqtisodiyotning raqobatbardoshligini oshiruvchi strategik sarmoyadir. Ushbu islohotlarni amalga oshirilishi 2030-yilga kelib aholi farovonligini yangi bosqichga olib chiqish va har bir fuqaro uchun munosib hayot sharoitlarini yaratishga xizmat qiladi.
Nilufar HUSANBOEVA,
“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
Ijtimoiy sohadagi islohotlarni
monitoring va tahlil qilish bo‘lim boshlig‘i,
O‘zA