Xavfsizlik amalda: markirovka farmatsevtika bozorining shaffofligini qay darajada oshiradi?
Joriy yilning 11-mart kuni Asl Belgisi raqamli markirovka tizimi operatori va Navbahor dorixonalar tarmog‘i o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi memorandumning tantanali imzolanish marosimi bo‘lib o‘tdi. Ushbu hamkorlik aholining dori vositalarini raqamli markirovkalash tizimi hamda ularning aslligini tekshirish imkoniyatlari borasidagi xabardorligini oshirishga qaratilgan.
Memorandum doirasida tomonlar iste’molchilarni xabardor qilish sohasida uzoq muddatli hamkorlik bo‘yicha kelishuvga erishdilar. Yil davomida raqamli markirovka haqidagi xabardorlikni oshirish, dori-darmonlarni tekshirish vositalarini ommalashtirish va ongli xarid madaniyatini shakllantirishga yo‘naltirilgan bir qator qo‘shma PR va axborot tadbirlarini o‘tkazish rejalashtirilgan.
Dorixona — ishonch nuqtasi
Dorixonalar tarmog‘i iste’molchi bilan aloqa qilishning asosiy nuqtasi hisoblanadi. Navbahor dorixonalarida QR-kodli stikerlar allaqachon joylashtirilgan bo‘lib, tashrif buyuruvchilar ularni skanerlash orqali Asl Belgisi (Android/ iOS) ilovasini bepul yuklab olishlari va xarid qilinayotgan preparatni o‘sha zahoti tekshirib ko‘rishlari mumkin. Shu tariqa, xaridor dorining haqiqiyligiga va e’lon qilingan xususiyatlarga mosligiga bevosita kassa oldidayoq ishonch hosil qila oladi.
Bu nima uchun kerak?
Raqamli markirovka har bir qadoqning harakatini ishlab chiqaruvchidan tortib so‘nggi xaridorgacha kuzatib borish imkonini berib, dori vositalari aylanmasining shaffofligini ta’minlaydi. Mazkur tizim qalbakilashtirilgan mahsulotlarni aniqlashga, bozordagi vaziyatni kuzatishga va ijtimoiy ahamiyatga ega dori vositalari taqchilligining oldini olishga yordam beradi.
Iste’molchilar uchun bu — xarid qilinayotgan dorilarning qonuniyligi va sifatini mobil telefon yordamida mustaqil ravishda tekshirish imkoniyatidir. Biznes uchun — kontrafaktdan ko‘riladigan yo‘qotishlarni kamaytirish, logistika samaradorligini oshirish va brendni himoya qilishdir. Davlat uchun esa dori vositalari aylanmasini nazorat qilish, narxlarni monitoring qilish va bozor shaffofligini oshirish demakdir.
Xalqaro tajriba
Bugungi kunda dori vositalarini raqamli markirovkalash Qozog‘iston va Rossiya Federatsiyasida allaqachon joriy etilgan, shuningdek, AQSH, Yevropa Ittifoqi mamlakatlari, Turkiya, Janubiy Koreya, Hindiston, Xitoy va boshqa davlatlarda faol rivojlanmoqda.
Kodlarni o‘zaro tan olish mexanizmi avvalroq O‘zbekiston va Rossiyaning farmatsevtika sohasida joriy qilingan edi. 2024-yilda ikki mamlakat hukumatlari dori vositalarining markirovka kodlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni uzatish bo‘yicha axborot almashinuvi to‘g‘risidagi bitimni imzolagan bo‘lsa, 2025-yilda bu mexanizm muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazildi.
Hamkor davlatlardagi xaridorlar O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan tovarlarni, mamlakatimizdagi iste’molchilar esa import qilingan mahsulotlarni tekshira oladilar. Shu tariqa, raqamli markirovka, tovar qaysi mamlakatda ishlab chiqarilganidan qat’i nazar, ishlaydigan universal ishonch vositasiga aylanmoqda.
Bunday hamkorlik aloqalarining rivojlanishi farmatsevtika bozoriga bo‘lgan ishonchni oshirishga xizmat qiladi va zamonaviy raqamli vositalarni joriy etish hisobiga iste’molchilar huquqlarini himoya qilish tizimini mustahkamlaydi.
O‘zA