Aholi salomatligi — bosh mezon: tibbiyot sohasidagi ishlar tahlili
Bugun Sog‘liqni saqlash vazirligining navbatdagi Hay’at yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Tadbirni vazir Asilbek Xudoyorov olib bordi.
Yig‘ilish tafsilotlari haqida vazirlik matbuot xizmati batafsil ma’lumot taqdim etdi.
Unga ko‘ra, dastlab tizimda 2026-yilning birinchi choragida amalga oshirilgan ishlar tanqidiy-tahliliy ko‘rib chiqildi hamda istiqboldagi ustuvor vazifalar belgilab olindi.
— Tibbiyotni aholiga yaqinlashtirish, ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifatini oshirish — oldimizda turgan muhim vazifa. Biroq joylardagi ayrim mas’ullar haligacha eskicha ish uslubidan voz kecha olmayapti. Shu bois, tizimdagi har bir rahbar zimmasidagi mas’uliyatni chuqur anglagan holda, amaliy natija uchun javobgar ekanini anglashi lozim. Buning uchun mavjud muammolar bo‘yicha aniq tahlil, manzilli chora-tadbir va qat’iy nazorat zarur, — dedi vazir.
Yig‘ilishda birinchi chorakda belgilangan topshiriqlarni bajarishda sustkashlikka yo‘l qo‘ygan rahbarlar qat’iy ogohlantirilib, ayrim mas’ullarga intizomiy jazo choralari qo‘llanildi.

Shundan so‘ng Bosh prokuratura boshqarma prokurori U.Kamalov tomonidan sog‘liqni saqlash tizimida mehnat munosabatlari bo‘yicha yo‘l qo‘yilgan qonunbuzilishi holatlari yuzasidan taqdimnoma o‘qib eshittirildi.
Kun tartibidagi uchinchi masala sifatida ftiziatriya va pulmonologiya yo‘nalishlaridagi tibbiy xizmatlar sifatiga oid muammolar hamda ularni bartaraf etish choralari ko‘rib chiqildi.
Qayd etilganidek, ftiziatriya va pulmonologiya sohasida aholi salomatligini muhofaza qilish, kasalliklarni erta aniqlash va samarali davolash tibbiyotning eng ustuvor yo‘nalishlaridan hisoblanadi.
Keyingi yillarda yurtimizda bu borada olib borilgan ishlar natijasida sil bilan kasallanish 43 foizga, o‘lim ko‘rsatkichlari esa 84 foizga kamaydi. Bu esa xalqaro maydonda ham ijobiy ko‘rsatkich sifatida e’tirof etilmoqda.
Biroq oldinda hal etilishi lozim bo‘lgan qator masalalar mavjud. Shu bois, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida ham tibbiyotga oid 33 ta ko‘rsatkichning 3 tasi aynan sil kasalligini bartaraf etishga qaratilgan.
Tahlillarga ko‘ra, bugungi kunda mamlakatimizda ushbu xastalik bilan dispanser nazoratida 31 ming nafardan ziyod bemor ro‘yxatga olingan.
Ayni paytda profilaktik ko‘riklar orqali aniqlangan bemorlar ulushi 30 foizni tashkil etib, belgilangan 50 foizlik strategik ko‘rsatkichdan ortda qolmoqda.
Qolaversa, mavjud tibbiy infratuzilma va “O‘pka salomatligi” mobil avtobuslaridan foydalanish darajasi ham qoniqarli emas. Vazir bu haqda so‘z yuritar ekan, imkoniyat mavjud bo‘lgan holda, ushbu avtobuslarda kuniga o‘rtacha 80 nafar o‘rniga atigi 35 nafar bemor tekshirilayotgani, tizim resurslaridan samarasiz foydalanilayotganini jiddiy tanqid qildi.
Bundan tashqari, elektron axborot tizimiga rentgen va flyuorografiya mavjud bo‘lgan muassasalarning bor-yo‘g‘i 94 tasi (42 foiz) ma’lumot kiritgani afsus bilan qayd etildi. Shundan kelib chiqib, hududlarda bu ishga mas’ul bo‘lganlar qat’iy ogohlantirilib, o‘z vazifasiga sovuqqonlik bilan yondashgan rahbarlarga intizomiy jazo choralari qo‘llanildi.
O‘z navbatida, aniqlangan kamchiliklarni qisqa muddatda bartaraf etish, sil kasalligini qat’iy monitoring qilish va sohada raqamli nazorat mexanizmlarini kuchaytirish yuzasidan aniq topshiriqlar berildi.
Shuningdek, yig‘ilishda “Xaridlar markazi”ning o‘tgan yil va joriy yilning birinchi choragidagi faoliyati, galdagi rejalar hamda dori vositalariga bo‘lgan ehtiyojni aniqlash va shakllantirishga doir ustuvor vazifalar yuzasidan so‘z yuritildi.
Tadbir yakunida hududlarda xavfli kasalliklar, xususan, sil profilaktikasini yanada kuchaytirish, skrining tadbirlari qamrovi va samaradorligini oshirish, malakali tibbiy xizmatni har bir mahalla, har bir xonadonga olib kirish bilan bog‘liq qator dolzarb vazifalar belgilandi.
Mohigul Qosimova, O‘zA