Qonunga hurmat bolalikdan boshlanadi
Sirdaryo viloyatida yosh avlodning huquqiy ongi va madaniyatini shakllantirishga qaratilgan “Qonunni bilib katta bo‘lamiz” loyihasiga start berildi. Dastlabki tadbir sifatida Guliston shahar adliya bo‘limi tomonidan 18-umumta’lim maktabining boshlang‘ich sinf o‘quvchilari uchun ochiq dars tashkil etildi.
Unda o‘quvchilarga qonun, jamoat tartibi, huquq va majburiyatlar haqida dastlabki tushunchalar sodda va tushunarli usullarda yetkazildi. Mashg‘ulotlar davomida bolalar yoshiga mos hayotiy misollar, rang-barang illyustratsiyalar, multfilmlar hamda interaktiv o‘yinlardan samarali foydalanilib, ularning mavzuga bo‘lgan qiziqishi oshirildi. Bu esa huquqiy bilimlarning shunchaki nazariy emas, balki amaliy tarzda o‘zlashtirilishiga xizmat qildi.
Tadbir yakunida o‘tkazilgan qisqa so‘rov va savol-javoblar o‘quvchilarning mavzuni qay darajada o‘zlashtirganini aniqlash bilan birga, ularda mustaqil fikrlash ko‘nikmasini ham shakllantirdi. Mutaxassislar fikricha, aynan boshlang‘ich ta’lim bosqichida berilgan bunday bilimlar bolalarda qonunga hurmat va mas’uliyat hissining mustahkam poydevorini yaratadi.
– Bugungi kunda yosh avlodni huquqiy jihatdan bilimli va ongli qilib tarbiyalash — ustuvor vazifalardan biri. “Qonunni bilib katta bo‘lamiz” loyihasi aynan shu maqsadga xizmat qiladi. Ayniqsa, boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga huquqiy tushunchalarni sodda va hayotiy misollar orqali yetkazish tufayli ularda erta yoshdan qonunga hurmat hissi shakllanadi. Bu esa kelgusida huquqbuzarliklarning oldini olish, mas’uliyatli fuqarolarni tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etadi. Loyihani bosqichma-bosqich kengaytirib, barcha ta’lim muassasalarida joriy etishni rejalashtirganmiz, – deydi Guliston shahar adliya bo‘limi boshlig‘i Safarboy Tog‘ayev.
[gallery-29086]
Qayd etish joiz, bu kabi loyihalar nafaqat huquqiy savodxonlikni oshirish, balki jamiyatda qonun ustuvorligi tamoyillarini mustahkamlashga ham xizmat qiladi. Zero, qonunni bilgan, uni anglagan va hurmat qilgan avlod barqaror taraqqiyotning eng ishonchli tayanchidir.
G‘ulom Primov, Umid Obidjonov (surat), O‘zA