Kino san’atiga bo‘lgan yuksak e’tiborning amaliy ifodasi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 16-may kuni Alisher Navoiy nomidagi Kinochilar uyiga tashrif buyurib, bu yerdagi yangilik va o‘zgarishlar, ya’ni O‘zbekiston kino san’ati muzeyida tashkil etilgan 9 qismdan iborat "Yangi O‘zbekiston — yangi kino san’ati" nomli ko‘rgazma va ekspozitsiyalar bilan tanishdi.
Tashrif davomida bir qator kinoijodkorlar bilan samimiy suhbat bo‘lib o‘tdi. Unda Alisher Navoiy nomidagi Kinochilar uyini "Milliy kino san’ati saroyi"ga aylantirish taklifi berildi va bu tashabbus davlatimiz rahbari tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. Endilikda mazkur g‘oya asosida sobiq “Panorama” kinoteatri "O‘zbekiston Milliy kino san’ati saroyi"ga aylantirildi.
Davlatimiz rahbari bilan bo‘lib o‘tgan dildan suhbat kino sohasi vakillariga ilhom, ijod zavqini bag‘ishlagani shubhasiz. Bu jihatlar Kino saroyining qad rostlaganiga 60-yil to‘lgani munosabati bilan o‘tkazilgan “Yangi O‘zbekiston kino san’atining ufqlari” forumida ham o‘zining yaqqol ifodasini topdi.
Forum avvalida kinoijodkorlar, mutaxassislar hamda mehmonlar kinosaroy binosida O‘zbekiston kino san’ati muzeyidagi eksponatlar bilan tanishdi.
Forumda keyingi yillarda kinematografiya sohasiga qaratilayotgan yuksak e’tibor va rag‘bat xususida batafsil so‘z yuritildi. Buning natijasida o‘zbek kinochilari tomonidan yaratilgan “Yakshanba”, “Ko‘k choy”, “Ilhaq”, “O‘zbek qizi”, “Faridaning ikki ming qo‘shig‘i”, “Abdulla Oripov”, “Meros” va boshqa ko‘plab filmlar xalqaro festivallarda alohida e’tirof etildi, olqish va mukofotlarga sazovor bo‘ldi.
Shuningdek, anjumanda Prezidentimizning kinoijodkorlar bilan samimiy uchrashuvi, mazkur muhtasham kinoteatr barpo etilganining 60-yilligi hamda unda tashkil etilgan "Yangi O‘zbekiston — yangi kino san’ati" nomli ko‘rgazma va undagi eksponatlar, kino tarixi haqida batafsil so‘z yuritildi.
Kino sohasidagi o‘zgarishlar va yangiliklar uchun barcha kinoijodkorlar tomonidan minnatdorlik bildirildi. Kinochilar milliy kinematografiyaga berilayotgan e’tibordan mamnun ekanligini ta’kidladilar.
Forum davomida O‘zbekiston xalq artisti Botir Zokirovning hayoti va ijodiga bag‘ishlangan “Kuylamoq – yashamoq demak” nomli hujjatli filmining ilk katta premerasi tashkil etildi. Mazkur hujjatli kartina ustoz san’atkorning mashaqqatli hayoti, ijod yo‘lidagi iztirobli izlanishlari, jahon miqyosida tan olingan qo‘shiqlari xususida atroflicha hikoya qilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.
Forum yakunida Milliy kino san’ati saroyining 60-yilligi munosabati bilan Milliy kinematografiyani rivojlantirish markazi tomonidan barcha kinoijodkorlar va mutaxassislar uchun estrada yulduzlari ishtirokida gala-konsert tashkil etildi.
N.Usmonova, O‘zA