Kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha shtab – amaliy harakatda
Eng muhimi, ishlar mahalla va oila kesimida aniq natijaga yo‘naltirilmoqda. Ya’ni, har bir xonadon bo‘yicha mavjud imkoniyat, mehnat salohiyati va daromad manbalari o‘rganilib, oilani kambag‘allikdan chiqarishga xizmat qiladigan aniq choralar belgilab borilmoqda.
Prezident topshiriqlari - amalda! (rukn)
Namangan viloyatining Chortoq tumanida kambag‘allikni qisqartirish, aholi bandligini ta’minlash va oilalar daromadini oshirishga qaratilgan ishlar yangi bosqichga olib chiqilmoqda.

Prezidentimiz rahbarligida shu yil 9-sentabr kuni aholi bandligi va daromadlarini oshirish masalalari bo‘yicha o‘tkazilgan kengaytirilgan yig‘ilishda belgilangan vazifalar ijrosi doirasida tumanda mahallalar kesimida manzilli ishlash, har bir oila bilan alohida ish olib borish va mavjud imkoniyatlarni ishga solishga yuzasidan amaliy choralar kuchaytirildi.

“Har bir oila – daromadli, har bir fuqaro – band!” shiori ostida tashkil etilgan tuman hokimligining kambag‘allikni qisqartirish va aholi daromadlarini oshirish bo‘yicha tuman hokimligi shtabida asosiy e’tibor aholiga shunchaki yordam ko‘rsatish emas, balki har bir oilaning barqaror daromad manbaini shakllantirish, mehnat qilish istagidagi fuqaroni ish bilan ta’minlash, tadbirkorlik va kasb-hunarga jalb etish orqali oilaning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilmoqda.
Ayni shu maqsadda mahallalarda bo‘sh turgan bino va yer maydonlari xatlovdan o‘tkazilib, ulardan samarali foydalanish bo‘yicha takliflar ishlab chiqilmoqda. Master rejalar asosida savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalarini tashkil etish, yangi ish o‘rinlari yaratish yuzasidan harakatlar boshlangan.

Qarovsiz va samarasiz foydalanilayotgan yerlar, eski bog‘lar aniqlanib, ularning o‘rnida intensiv bog‘lar tashkil etish, yerdan unumli foydalanish orqali aholi uchun qo‘shimcha daromad manbalarini yaratish choralari ko‘rilmoqda.
Ko‘p qavatli uylar hududlarida obodonlashtirish ishlarini izchil davom ettirish, o‘zboshimchalik bilan egallangan yer maydonlari va noqonuniy qurilmalar masalasini qonuniy tartibda hal etish, mahallalar infratuzilmasini yaxshilashga ham alohida e’tibor qaratilmoqda.

Mazkur jarayonda mahalla faollari bilan bir qatorda nuroniylar va tuman Kengashi deputatlarining jamoatchilik bilan ishlashdagi ishtiroki yanada kuchaytirilmoqda. Aholi o‘rtasida tushuntirish va targ‘ibot ishlarini samarali tashkillashtirish, mavjud imkoniyatlardan foydalanishga yo‘naltirish hamda har bir hududdagi muammoga joyida yechim topish ustuvor vazifa sifatida belgilangan.
Chortoq tumani hokimi Ilhomjon Sattorov boshchiligidagi shtab faoliyatidagi yondashuvning mohiyatida har bir mahallada imkoniyat izlash, har bir oila bilan manzilli ishlash, bo‘sh turgan resurslarni iqtisodiy faollikka jalb etish va aholi uchun doimiy daromad manbalarini ko‘paytirish harakati yotibdi.

Bu ishlar davlatimiz rahbari tomonidan belgilab berilgan vazifalar ijrosini qog‘ozda emas, balki mahallalar va oilalar hayotida aniq natijaga aylantirishga qaratilgan.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA muxbiri