Yaponiya delegatsiyasi Buxorodagi maktabda ta’lim jarayonini o‘rgandi
FOTOREPORTAJ
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi hamda Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) hamkorligida amalga oshirilayotgan “Dars tadqiqoti (Lesson Study) asosida o‘qituvchilarning kasbiy rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash” loyihasi doirasida Buxoro shahridagi 15-umumta’lim maktabida kuzatuv tadqiqotlari o‘tkazildi.
Nagoya universiteti boshchiligidagi loyiha doirasida tashkil etilgan tadqiqotlarning asosiy maqsadi O‘zbekiston ta’lim tizimidagi mavjud sharoitni o‘rganish, mahalliy tajriba bilan tanishish va kelgusidagi hamkorlik yo‘nalishlarini belgilashdan iborat.
Yaponiya delegatsiyasi maktabdagi ta’lim jarayoni bilan yaqindan tanishib, dars mashg‘ulotlarini kuzatdi. O‘qituvchi va o‘quvchilar o‘rtasidagi muloqot, darslarni tashkil etish jarayoni hamda ta’lim samaradorligini oshirishga qaratilgan yondashuvlar o‘rganildi.
[gallery-31662]
Tashrifda Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi mutaxassislari, Nagoya universiteti Ta’lim va inson resurslarini rivojlantirish oliy maktabi professori, Xalqaro dars tadqiqoti markazi direktori Muhammad Reza Sarkar Arani boshchiligidagi yaponiyalik olim va mutaxassislar, Nagoya va Tokai Gakuyen universitetlari vakillari, shuningdek, Hyogo prefekturasi ijtimoiy ta’lim muassasalari mutaxassislari ishtirok etdi.
Maktab pedagoglari bilan muloqotda Lesson Study — darslarni hamkorlikda o‘rganish, tahlil qilish va takomillashtirishga asoslangan yondashuvni ta’lim amaliyotiga joriy etish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuv davomida xalqaro tajriba almashinuvini kengaytirish, pedagoglarning kasbiy mahoratini oshirish hamda “Lesson Study orqali birgalikda o‘rganish va bolalar uchun yanada yaxshiroq kelajak yaratish” loyihasini amalga oshirish bo‘yicha takliflar bildirildi.
Mazkur hamkorlik doirasida ilg‘or xalqaro tajribalarni o‘rganish va ta’lim amaliyotiga joriy etish, pedagoglarning kasbiy rivojlanishini qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Tohir ISTATOV(surat),O‘zA