Daromadga yo‘l ochayotgan imkoniyatlar
Kambag‘allikni qisqartirish — bu faqat statistik ko‘rsatkichlarni yaxshilash yoki muayyan oilalarga bir martalik yordam ko‘rsatish emas. Bu, avvalo, insonni o‘z mehnati, qobiliyati va imkoniyatlariga tayangan holda barqaror daromad topishini ta’minlash, oilada tadbirkorlik ruhini shakllantirish, har bir xonadonda yangi daromad manbaini yaratish demakdir.
Bugun mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning eng muhim yo‘nalishlaridan biri ham aynan shu maqsadga qaratilgan. Davlat rahbari tashabbusi bilan kambag‘allikni qisqartirish, aholi bandligini ta’minlash va oilalarning daromadini oshirish masalalariga yangicha yondashuv joriy etilmoqda. E’tibor endi faqat yordam berishga emas, balki insonga daromad topishi, o‘zini o‘zi band qilishi, tadbirkorlik boshlashi va oila farovonligini mustaqil ravishda ta’minlashi uchun sharoit yaratishga qaratilmoqda. Bu ezgu maqsadlarning amaliy ifodasini Buxoro viloyatining Vobkent tumanida ham ko‘rish mumkin.
Tumanda kambag‘allikni qisqartirish, Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarning daromadini oshirish va aholi bandligini ta’minlashga qaratilgan amaliy uchrashuvlar tashkil etildi. Ularda AT “Xalq banki” boshqaruvi va hududiy tuzilmalari mas’ullari ishtirok etishib, xonadonlarning mavjud imkoniyatlarini o‘rganish, muammolarni joyida aniqlash va ularni hal etishning aniq mexanizmlarini belgilashga e’tibor qaratishdi.
Vobkent tumani hokimi Akmal Ostonov boshchiligidagi uchrashuvlarning eng muhim jihati — odamlar bilan qog‘ozda emas, hayotning o‘zida, bevosita xonadonlar va mahallalarda muloqot qilinganidir.
Uchrashuvda AT “Xalq banki” boshqaruv raisi o‘rinbosari Gulzoda Rashidova, Respublika Xalq banki departamenti direktori Dilshod Ergashev hamda AT “Xalq banki” Buxoro viloyati mintaqaviy markazi rahbari o‘rinbosari Nargiza Latipovalar ishtirok etishdi.

Ponob mahallasida kam daromadli hamda Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalar vakillari bilan yuzma-yuz suhbatlar o‘tkazildi. Ularning orzu-intilishlari, kasb-ko‘nikmalari, mavjud imkoniyatlari, tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha takliflari atroflicha o‘rganildi. Zero, har bir oilaning ehtiyoji va imkoniyati bir xil emas. Kimdir chorvachilikni yo‘lga qo‘yishni istaydi, yana kimdir hunarmandchilik, tikuvchilik, xizmat ko‘rsatish yoki boshqa daromadli faoliyat bilan shug‘ullanish imkoniyatiga ega. Muhimi, insonning niyati va salohiyatini to‘g‘ri yo‘naltirish, unga zarur moliyaviy ko‘mak va amaliy maslahat berishdir.
Uchrashuvlar davomida fuqarolarga o‘z xohish va imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda imtiyozli kredit va ssuda mablag‘laridan foydalanib, daromadli faoliyatni boshlash imkoniyatlari tushuntirildi. Har bir oila uchun mavjud sharoitdan kelib chiqib, aniq va amaliy yechimlarni belgilashga alohida e’tibor qaratildi. Bu yondashuvning mohiyati oddiy, ammo juda muhim: insonga tayyor yordam berish bilan cheklanib qolmasdan, uning qo‘liga daromad topish imkoniyati beriladi.
Xalq banki mas’ullaridan iborat ishchi guruhning Ko‘lxatib mahallasidagi o‘rganishlari ham shu maqsadga xizmat qildi. Ishchi guruh vakillari xonadonma-xonadon yurib, aholining ichki imkoniyatlarini o‘rganishdi. Fuqarolar bilan suhbatlar jarayonida ularni qiynayotgan masalalar, ishlash va daromad topish istagi, mavjud resurslar hamda tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish imkoniyatlariga e’tibor qaratishdi.
Eng muhimi, aholiga quruq va’dalar emas, amaliy yechimlar taklif etildi. Tayyor loyihalar taqdim qilinib, ularni amalga oshirish uchun mavjud moliyaviy imkoniyatlar tushuntirildi. Bunday yondashuv mahalladagi har bir oilaning “nima qilishim mumkin?” degan savoliga aniq javob topishga yordam beradi. Chunki daromad manbasini yaratish uchun ba’zan katta imkoniyat emas, to‘g‘ri yo‘nalish, ishonch va dastlabki ko‘makning o‘zi kifoya.
Bugun kambag‘allikni qisqartirish siyosatida “har bir oila — alohida yondashuv” tamoyili tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Bu jarayonda banklar faqat moliyaviy mablag‘ ajratuvchi muassasa emas, balki aholining tadbirkorlik tashabbusini qo‘llab-quvvatlovchi, yangi loyihalarni shakllantirishga ko‘maklashuvchi va insonni daromad manbasiga olib boruvchi muhim hamkorga aylanmoqda.
Zero, bir oilaning daromadi oshsa, bu faqat bitta xonadon farovonligi emas. Uning ortidan farzandlarning ta’limi, oiladagi ijtimoiy muhit, iste’mol imkoniyatlari va kelajakka bo‘lgan ishonch ham o‘zgaradi. Bir xonadonda boshlangan kichik tashabbus esa vaqt o‘tishi bilan mahallaning iqtisodiy faolligiga ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Shu ma’noda Vobkentdagi sayyor uchrashuvlar oddiy muloqot bo‘lmadi.. Bu — odamlarning dardini eshitish, imkoniyatini ko‘rish va uni aniq loyihaga aylantirishga qaratilgan amaliy harakatdir. Eng muhimi, bu jarayonda inson o‘zini e’tibor markazida his qiladi. Uning fikri eshitiladi, qobiliyati baholanadi, niyati qo‘llab-quvvatlanadi. Aslida, kambag‘allikni qisqartirishning eng mustahkam poydevori ham shu — insonning o‘z kuchiga ishonishidir.
Qo‘lida kasbi, mehnati va daromad manbai bor inson ertangi kuniga ishonch bilan qaraydi. U farzandlarining kelajagini rejalashtiradi, o‘z oldiga yangi maqsadlar qo‘yadi, yanada ko‘proq ishlashga intiladi. Shu bois har bir oilani daromadli mehnatga jalb etish, tadbirkorlikka yo‘naltirish va moliyaviy imkoniyatlar bilan ta’minlash — uzoq muddatli ijtimoiy barqarorlikning muhim omilidir. Vobkentdagi bugungi ishlar ham ana shu ezgu maqsadning hayotiy ifodasidir. Bir mahallada o‘tkazilgan uchrashuv, bir xonadonda bildirilgan tashabbus, bir oila uchun ishlab chiqilgan loyiha — ertangi farovon hayotning dastlabki qadami bo‘lishi mumkin. Zero, farovonlik tayyor holda kelmaydi. U inson mehnati, tashabbusi, imkoniyat va ishonch uyg‘unlashgan joyda yaratiladi.
Davlat rahbari tomonidan ilgari surilayotgan inson qadri, aholi farovonligi va kambag‘allikni qisqartirishga qaratilgan siyosatning asl mohiyati ham shunda — har bir oilani qo‘llab-quvvatlash, har bir insonning salohiyatini ro‘yobga chiqarish va uni munosib daromad manbaiga ega qilish.
Bugun Vobkentda xonadonma-xonadon boshlangan bu harakatlar ertaga yanada ko‘p oilalarning hayotida yangi sahifa ochishi shubhasiz. Chunki bir oilada paydo bo‘lgan daromad — bir oilaning emas, butun jamiyatning farovonligi sari qo‘yilgan qadamdir.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri