Kambag‘allikdan farovonlik sari tamoyili – amalda
Tomorqaning xazina ekanini anglagan borki, bugun undan foydalanib ro‘zg‘orini obod qilmoqda. Mahsulotlar yetishtirish orqali ham bozorlarimiz to‘kinligiga hissa qo‘shmoqda, ham o‘zini kambag‘allikdan qutqarmoqda.
Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi tumani haqida gap ketganda, ko‘pchilik aholisining asosiy daromadi chorvachilikdan deb o‘ylaydi. Bu ham bor gap. Lekin keyingi yillarda tuman aholisi tomorqachilikda ham yaxshigina natijalarga erishmoqda.
Masalan, tumandagi “Pakandi” mahalla fuqarolar yig‘inida 4 ming 420 nafar aholi, 917 ta xonadon, 1 ming 226 ta oila istiqomat qiladi. Mahallada drayver yo‘nalish sifatida ko‘chatchilik belgilab olingan. Qaysi xonadonga kirmang, issiqxona va yerparniklarda mavj urib o‘sib turgan ko‘chatlarni ko‘rish mumkin.
Masalan, mahallada yashovchi Mahbuba Ochilova yosh oila bekasi va rasmiy ishi yo‘q. Qaynona-qaynotasi bilan birga yashaydi. Qizlik uyida ham dehqonchilik bilan shug‘ullangani yangi xonadonda juda qo‘l keldi. Turmush o‘rtog‘ining oilasi avvaldan ko‘chatchilik bilan shug‘ullanib kelardi. Mahbuba esa bu ishni yanada rivojlantirishni maqsad qildi. Hokim yordamchisining tavsiyasi bilan 60 million so‘m imtiyozli kredit oldi. Ushbu mablag‘ evaziga 3 sotix maydonda zamonaviy issiqxona, qolganida yerparnik asosida pomidor, bulg‘or qalampiri, baqlajon, bodring, shuningdek, bir qancha gullarning ko‘chatlarini yetishtirishni yo‘lga qo‘ydi. Qolgan mablag‘ga 3 bosh yirik shoxli chorva ham xarid qildi.
Oilaviy hamjihatlikda qilingan mehnat o‘z samarasini berdi. Ko‘chatlar kutilgandan ham yaxshi daromad keltira boshladi. Qaynotasi Salim Xudoyberdiyev har kuni bozorga ko‘chat yetkazib beradi. Qaynonasi esa bozorda o‘tirib sotadi. Xullas hamma ish taqsimlangan.
– Ko‘chat urug‘larini maxsus stakanlarga fevral oyidan boshlab ekamiz, – deydi Mahbuba Ochilova. – Issiqxonalardan buyurtma bo‘lgan paytlarda yanvar oyida ba’zan undan ham oldinroq ekib tayyorlab beramiz. Mart oyidan boshlab ko‘chatlarni sota boshlaymiz. Aprelning o‘rtalariga borib ko‘chatlar tugaydi. Keyin ro‘zg‘or uchun pomidor, bodring ekiladi, undan so‘ng kechki sholg‘om, sabzi ekamiz. Xullas bir yilda uch marta hosil olamiz tomorqamizdan. Daromadi yaxshi. Ishi ham og‘ir emas. Ro‘zg‘or tashvishlaridan ortib bemalol ulguramiz.
Mahallada bu kabi ko‘chatchilikka ixtisoslashgan 700 tadan ortiq xonadon bor. Shu bois mavsumda mahalla ko‘chalari ko‘chat oluvchi ulgurji xaridorlarga to‘lib ketadi. Ular orqali pakandilik dehqonlar yetishtirgan ko‘chatlar nafaqat tuman bozoriga, balki qo‘shni tumanlargacha yetkazib berilmoqda.
Qishloq ahlining ko‘chatchilikdagi omilkorligini yanada rivojlantirishda mahalladagi hokim yordamchisi Bahrom Xudoyberdiyevning ham hissasi katta. Uning ta’kidlashicha, joriy yilda tomorqachilikni rivojlantirish maqsadida 32 nafar fuqaroga jami 603 million so‘m imtiyozli kredit olishga ko‘maklashilgan.
Keyingi manzil Yangi Dam mahallasi bo‘ldi. Ushbu mahalla odamlari ham omilkorlikda pakandiliklardan qolishmaydi. Salkam yetmish yoshni qarshilagan Otaqul Botirov xonadonida bo‘larkanmiz, amaldagi isbotini ko‘rdik. Tartib bilan olingan egatlarda ekilgan qulupnaylar marjondek bo‘lib pisha boshlagan. Bu esa nafaqat tomorqaning fayzini, balki oila daromadini ham oshishiga xizmat qilmoqda.
– 20 sotix tomorqamiz bo‘lsa, shuning 9 sotixiga uch xil – viktoriya, qora shahzoda va koreys navli qulupnay ko‘chatlarini ekkanmiz, – deydi Otaqul Botirov. – Dehqonchilik bilan asosan nafaqaga chiqqanimdan so‘ng shug‘ullana boshlaganman. Qulupnaychilikni yo‘lga qo‘yganimizga ikki yil bo‘ldi. Bu navlar mahalliy qulupnaylarga nisbatan serhosil va yil davomida hosil qilishi bilan ajralib turadi. Bundan tashqari, mevasining tarkibida shakar miqdori ham ko‘p. Har bir tupi 1,5 kilogrammgacha hosil beradi. Umumiy hisobda har yili bir tonnadan ziyod qulupnay yetishtirib bozorga sotamiz. Daromadni shunga qarab hisoblayverasiz.
Tajribali dehqon faqatgina qulupnaychilik bilan cheklanib qolmagan. 250 oila asalari, 5 bosh sog‘in sigir, 62 bosh mayda shoxli chorvasi ham bor. Bundan tashqari, joriy yilda sinov tariqasida tomorqaning bir chekkasiga kovrak va eron pistasi ko‘chatlarini ham ekkan. Natija kutilganidek chiqsa, kovrakchilik va pistachilik ham oilaviy tadbirkorlikning qo‘shimcha tarmog‘iga aylanadi.
Albatta bu kabi ishlarni bajarishda oila a’zolarining hissasi muhim. Farzandlaru nabiralar Otaqul akaga haqiqiy ko‘makchi.
Shu mahallada yashovchi Xoliq Mirodilov va turmush o‘rtog‘i Malika Bozorova gulchilikda nom chiqargan. Xonadonda 30 xildan ortiq gul turlari uchratasiz. Ularni parvarishlab yetishtirishni asosan oilaning bekasi Malika opa Bozorova bajaradi. Gullarni qishning izg‘irinidan, yozning jaziramasidan farzandidek avaylaydi. Mahallaga tushgan har bir kelinga tuvak gul sovg‘a qilishni an’anaga aylantirgan. Gul yetishtirishdagi tavsiya va maslahatlarini ham ayamaydi.
[gallery-22781]
Xullas 4,5 ming nafardan ortiq aholi istiqomat qilayotgan ushbu mahallada ham qaysi xonadonga kirmang obodlikning, omilkorlikning guvohi bo‘lish mumkin. Birorta bekor yurgan odamni uchratmaysiz. Hamma yumush bilan band.
Tumanda bu kabi mahallalar talaygina. Ularning barchasi “Kambag‘allikdan farovonlik sari” tamoyilini o‘zlariga shior qilib olgan. Quvonarlisi, ularning tajribalari boshqalarni ham mehnatga undab, tomorqachilik madaniyatini yuksalishiga xizmat qilib kelmoqda. Tomorqadan oqilona foydalanishga qiziqish ortib borayotgani “Bir kontur-bir mahsulot” tamoyili asosida ichki bozorni sifatli, arzon oziq-ovqat mahsulotlari bilan barqaror ta’minlash, mahsulot yetishtirishni ko‘paytirish va aholi daromadini oshirishga xizmat qilmoqda. Yerimiz tuganmas xazina, mo‘’jazgina tomorqa to‘kin turmush manbai ekanini amalda keng namoyon etmoqda.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari