Joriy yilning birinchi choragida 196 milliard so‘mlik energiya resurslaridan noqonuniy foydalanilgan
Bugun Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Elektr energiyasi, neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi energetika tizimida qonun hujjatlari ijrosi hamda davlat nazorati bo‘yicha brifing o‘tkazdi.
Inspeksiya axborot xizmati rahbari Navro‘z Norboboyevning ma’lum qilishicha, joriy yilning birinchi choragida o‘tkazilgan nazorat tadbirlari davomida 885 ta energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish va qoidabuzarlik holati aniqlangan.
Ma’lum qilingan raqamlarga ko‘ra, 34,6 million metr kub tabiiy gaz (101,6 mlrd. so‘m) va 49,7 million kilovatt-soat elektr energiyasidan (94,4 mlrd. so‘m) noqonuniy foydalanilgan. Buning natijasida davlat manfaatlariga umumiy 196 milliard so‘mlik zarar yetkazilgan.
Shuningdek, energiya resurslaridan foydalanish qoidalarini buzganlik uchun iste’molchilarga nisbatan 1 599 ta ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.
Neft mahsulotlari sifati bo‘yicha olib borilgan nazorat tadbirlari natijasida AYOQSH va korxonalardan olingan 180 ta tahlil namunasidan 4 058 tonna sifati past neft mahsuloti aniqlanib, sotuvga chiqarilishining oldi olindi.
O‘zenergoinspeksiya tomonidan davlat xizmatlari ko‘rsatish doirasida joriy yilda umumiy quvvati 716,5 MVt bo‘lgan 2 478 ta ob’ektning elektr ta’minoti loyihalari ekspertizadan o‘tkazilib, tegishli xulosalar taqdim etilgan. Shuningdek, 1 204,8 MVt quvvatiga ega 1 427 ta iste’molchining elektr qurilmalari texnik ko‘rikdan o‘tkazilgan va tegishli dalolatnomalar rasmiylashtirilgan.
Energetika ob’ektlariga tegishli umumiy quvvati 20,4 MVt bo‘lgan 140 ta ob’ektning elektr ta’minoti loyihalari kelishilgan va umumiy quvvati 5,1 MVt bo‘lgan 110 ta ob’ektning elektr qurilmalari ishga tayyorligi to‘g‘risida xulosalar berilgan.
Yoqilg‘i-energiya resurslaridan samarali foydalanish bo‘yicha 8 344 ta iste’molchini qamrab olgan profilaktika tadbiri tashkil qilindi. Quvvati 50 kVt va undan yuqori iste’molchilarga berilgan ko‘rsatmalar natijasida 2 293 ta iste’molchida reaktiv energiyani kompensatsiya qilish qurilmalari o‘rnatildi. Bu orqali 19,4 mln. kilovatt-soat elektr energiyasi tejaldi.
Shu bilan birga, berilgan ko‘rsatmalarni bajarmagan 11 ta iste’molchiga nisbatan ma’muriy bayonnoma tuzilgan.
N.Ziyodullayeva, O‘zA