Jizzax viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
“Yuksalish” harakatining Jizzax viloyati hududiy bo‘linmasi tomonidan “Ziyoli kelajak” loyihasi doirasida Baxmal tumanidagi 10-sonli umumta’lim maktabi kutubxonasi kitoblar bilan boyitildi. Ushbu xayrli tashabbus doirasida ta’lim muassasasiga 34 turdagi 130 dan ortiq badiiy va ma’rifiy adabiyotlar taqdim etildi.

Mazkur kitoblar o‘quvchilarning bilim doirasini kengaytirish, ularning dunyoqarashi va tafakkurini yuksaltirishga xizmat qiladi. Shu bilan birga, yoshlar o‘rtasida kitobxonlik madaniyatini shakllantirish, ma’naviy-axloqiy tarbiyani mustahkamlashda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi. “Ziyoli kelajak” loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan bunday tashabbuslar yosh avlodning intellektual salohiyatini oshirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
***
Jizzax shahrida tadbirkorlar ishtirokida “Biznes muloqot” ochiq uchrashuvi tashkil etildi. Unda Respublika kichik biznes uyushmasi, Savdo-sanoat palatasi va uning hududiy boshqarmasi, Biznes-ombudsman, Markaziy bank, soliq idoralari hamda boshqa mutasaddi tashkilotlar vakillari, shuningdek 100 dan ortiq tadbirkorlik sub’ektlarining vakillari qatnashishdi.

Uchrashuv davomida tadbirkorlar tomonidan ilgari surilgan taklif va tashabbuslar, ular faoliyatida uchrayotgan muammolar atroflicha muhokama qilindi. Ayniqsa, moliyalashtirish, kredit ajratish, soliq yuklamasini yengillashtirish, yer va infratuzilma masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Tadbir davomida 15 nafar tadbirkorning murojaati tinglanib, ularning 8 tasi joyida ijobiy hal etildi. Qolgan murojaatlar yuzasidan mutasaddi tashkilotlar bilan birgalikda aniq chora-tadbirlar belgilab olindi.
***
Tumanlarda veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish bo‘limi xodimlari tomonidan epizootik osoyishtalikni ta’minlashga qaratilgan tadbirlar izchil olib borilmoqda. Xususan, aholi xonadonlarida parvarishlanayotgan chorva mollari klinik ko‘rikdan o‘tkazilib, ularning sog‘lomligi nazorat qilinmoqda.

Shu bilan birga, yuqumli kasalliklarga qarshi profilaktik emlash ishlari amalga oshirilib, chorva mollarini identifikatsiya qilish, ya’ni sirg‘alash jarayoni ham davom ettirilmoqda.
***
Forish tumanida Ramazon hayiti va Navro‘z bayrami munosabati bilan aholi holidan xabar olish tadbirlari tashkil etildi. Tuman hokimining chegara masalalari bo‘yicha yordamchisi Yo‘ldosh Kengashev hamda “Darboza” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Farxod Urishevlar tashabbuslari bilan chegaraoldi hududlardagi fuqarolar holidan xabar olindi.

Tadbirlar davomida kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatildi.

Shuningdek, mas’ullar ijtimoiy soha ob’ektlarida bo‘lib, ta’lim muassasalarida davomat, yoshlarni turli tahdidlardan, jumladan kiberjinoyatchilik ta’siridan asrash, aholi salomatligini muhofaza qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan ham tanishishdi.
Abdujalol Qayumov, O‘zA