Jinsiy erkinlikka qarshi jinoyatlar uchun jazo shartlari og‘irlashtiriladi
Mamlakatimizda inson huquq va erkinliklarini ta’minlash, ayniqsa, ayollar va bolalarni zo‘ravonlikning barcha ko‘rinishlari hamda jinsiy tajovuzlardan himoya qilish borasida keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Endilikda ayollar va bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilish tizimi yanada takomillashtirilmoqda, ayrim jinoyatlar tergovi samaradorligini oshirish ko‘zda tutilmoqda.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi yig‘ilishida ayni jihatlarga qaratilgan qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
Bosh prokuratura vakilining ta’kidlashicha, mazkur qonun loyihasi bilan Jinoyat-protsessual kodeksiga jinsiy erkinlikka hamda ayrim turdagi axloqqa qarshi jinoyatlar bo‘yicha dastlabki tergov ichki ishlar organlaridan prokuratura organlariga o‘tkazilmoqda.

“Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunga ushbu toifadagi ishlarning tergovi prokuratura organlari tomonidan amalga oshirilishi va jazo o‘tash jarayonida qonunchilik ijrosi ustidan prokuror nazoratini yanada takomillashtirishni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda. Shuningdek, jinsiy erkinlikka qarshi jinoyatlarni sodir etgan shaxslarning jazoni o‘tash shartlarini og‘irlashtirish bo‘yicha qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Shuningdek, Jinoyat-ijroiya kodeksiga kiritilayotgan o‘zgartirishlarga muvofiq, Jinoyat kodeksining 118 va 119-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni voyaga yetmaganlarga nisbatan sodir etganlik uchun hukm qilingan shaxslarning manzil-koloniyalarga o‘tkazilmasligini nazarda tutuvchi tartib belgilanmoqda.

Muhokamalarda fraksiya a’zolari ayollar va bolalarning huquqlari yanada ishonchli himoya qilinishida ushub taklif etilayotgan o‘zgartirishlar muhim ahamiyatga ega ekanligini ta’kidladi. Ko‘zda tutilayotgan normalar jinsiy zo‘ravonlik holatlarini fosh etish, bu turdagi jinoyatlarni tergov qilish sifati oshishiga hamda jazo muqarrarligi ta’minlanishiga, shuningdek, mazkur jarayonda qonunchilik talablariga rioya etilishi ustidan qat’iy prokuror nazorati o‘rnatilishiga xizmat qilishi qayd etildi.
Muhtarama Komilova, O‘zA