O‘zbekistonda I Markaziy Osiyo talabalar sporti forumi o‘tkaziladi
I Markaziy Osiyo talabalar sporti forumida sohani rivojlantirish va mintaqaviy hamkorlik masalalari muhokama qilinadi.
2026-yil 29-sentabr — 2-oktabr kunlari bo‘lib o‘tadigan I Markaziy Osiyo talabalar sporti forumi Xalqaro universitet sporti federatsiyasi (FISU) Prezidenti Leonz Ederning mamlakatimizga tashrifi doirasida tashkil etiladi.
Forumdan asosiy maqsad O‘zbekistonning talabalar sportini rivojlantirish borasidagi tajribasini xalqaro miqyosda keng targ‘ib qilish, sohadagi dolzarb masalalarni muhokama etish hamda Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida hamkorlikni yanada mustahkamlashdan iborat.

Tadbir davomida talabalar sportini rivojlantirishning zamonaviy yondashuvlari, sohadagi mavjud masalalar va kelgusidagi hamkorlik istiqbollari yuzasidan fikr almashiladi. Forumda FISU rahbariyati bilan bir qatorda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Mo‘g‘uliston, Tojikiston va Turkmaniston talabalar sporti federatsiyalari vakillarining ishtirok etishi rejalashtirilgan.
Shuningdek, FISU Prezidenti talabalar o‘rtasida o‘tkaziladigan «Besh tashabbus» olimpiadasi sport musobaqalarining tantanali ochilish marosimlarida ishtirok etadi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA