Jarimalarni hisoblashda texnik xatolarga yo‘l qo‘yilmoqda: vazirga so‘rov yuborildi
Haydovchilar tomonidan qoidabuzarliklarni aniqlovchi foto-video qayd etish texnika vositalarining yoki ko‘chma fotoradarlarning faoliyati borasida ayrim e’tirozlar bildirilmoqda.
Masalan, ruxsat etilgan tezlik ko‘rsatkichlari keskin o‘zgaradigan qismlarda yo‘l belgilari yetarli darajada ko‘rinadigan nuqtalarga o‘rnatilmagani, foto-video qayd etish tizimida ma’lumotlarni qayta ishlash chog‘ida jarimalarni hisoblashda texnik xatolarga yo‘l qo‘yilishi, buning natijasida asossiz ravishda ma’muriy jazo choralari qo‘llanilishi kabi holatlar bor.
Bu haqda parlament quyi palatasining bugungi majlisida aytib o‘tildi. Unda ichki ishlar vaziri A.Toshpo‘latovga “Avtomobil yo‘llaridagi foto-video qayd etish texnika vositalarining yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlashdagi samaradorligi hamda yo‘l harakati sohasiga axborot texnologiyalarini joriy etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida” parlament so‘rovini yuborish haqidagi masala ko‘rib chiqildi.

— Bugungi kunda transport vositalari soni keskin ortishi yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlashni taqozo etadi, — dedi deputat Dilbar Mamajonova. — Bu borada yo‘l harakatini avtomatlashtirilgan tarzda tartibga solish, yo‘l harakati qoidalari buzilishini foto-video qayd etish tizimlarini kengaytirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Shuningdek, yo‘l harakati ishtirokchilarining mas’uliyatini oshirish va nazorat tizimini samarali tashkil etish maqsadida avtomobil yo‘llariga zamonaviy kameralar va radarlar o‘rnatilmoqda.
Ushbu choralar bilan birga, Qonunchilik palatasi deputatlarining saylov okruglarida fuqarolar bilan o‘tkazgan muloqot va uchrashuvlari davomida sohaga oid bir qator murojaatlar bo‘lmoqda. Xususan, haydovchilar tomonidan yo‘l belgilari yetarli darajada ko‘rinadigan nuqtalarga o‘rnatilmagani, foto-video qayd etish tizimida ma’lumotlarni qayta ishlash chog‘ida jarimalarni hisoblashda texnik xatolarga yo‘l qo‘yilishi natijasida asossiz ravishda ma’muriy jazo choralari qo‘llanilishi, ayrim yo‘llarning sifati talab darajasida emasligi, yo‘l chiziqlarining ko‘rinmasligi yoki noto‘g‘ri belgilangani o‘z navbatida, yo‘l harakati qoidalarining buzilishiga olib kelayotgani va piyodalar yo‘laklarida svetoforlar yetishmayotgani fuqarolarning haqli e’tirozlarini keltirib chiqarmoqda. Zero, bugun yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash, yo‘llar infratuzilmasini yaxshilash, tirbandliklarni kamaytirish eng muhim vazifalardan biri hisoblanadi.
Majlisda yuqoridagilardan kelib chiqib, Ichki ishlar vaziriga parlament so‘rovi yuborildi.
Unda yo‘l infratuzilmasini rivojlantirish yo‘nalishidagi loyihalarni moliyalashtirish, foto-video qayd etish texnika vositalarining yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlashdagi samaradorligi hamda sohadagi mavjud muammo va kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan asoslantirilgan tushuntirishlar berish so‘ralgan.
Muhtarama Komilova,
O‘zA