Turkiy dunyo an’anaviy xalq raqslari antologiyasini yaratish bo‘yicha xalqaro loyiha muhokama qilindi
Xiva shahrida TURKSOY xalqaro tashkilotiga a’zo davlatlar davlat xoreografiya oliy ta’lim muassasalari rektorlari va rahbarlarining III yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Ushbu yig‘ilish III xalqaro “Lazgi” raqs festivali doirasida tashkil etildi.
Tadbirda Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkiya va Turkmaniston davlatlarining davlat xoreografiya oliy o‘quv yurtlari rahbarlari, xoreografiya sohasi mutaxassislari, professor-o‘qituvchilar va ilmiy xodimlar, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari va tadqiqotchilari ishtirok etdi.
Yig‘ilish davomida an’anaviy xalq raqslari sohasida ta’lim muassasalari faoliyatini muhokama qilish, muassasalararo va xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, tajriba almashish, qo‘shma ta’lim va madaniy loyihalarni amalga oshirish, shuningdek, ishtirokchi davlatlar manfaatlarini inobatga olgan holda “Turkiy dunyoning an’anaviy xalq raqslari antologiyasi” xalqaro loyihasining yagona konsepsiyasini shakllantirish masalalari muhokama qilindi.
– Xorazm lazgisi o‘zining jo‘shqinligi, tezkorligi va jonli musiqasi bilan ajralib turadi, – dedi TURKSOY bosh kotibi Sulton Rayev. – Bu raqs jahon sahnalarida ham e’tirof etilgan. YUNESKO tomonidan 2019-yilda “Lazgi” insoniyatning nomoddiy madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgan. U shunchaki raqs emas, balki milliy g‘ururning jonli ifodasi, do‘stlik va birodarlikni targ‘ib etuvchi muhim madaniy vositadir. Bugungi kunda turkiy dunyo xalqlari orasida ushbu raqsga qiziqish tobora ortib bormoqda. Shu bois, TURKSOY xalqaro tashkiloti mazkur festivalga hamkor sifatida ishtirok etmoqda.
[gallery-29051]
Yig‘ilish doirasida soha mutaxassislari va oliy ta’lim muassasalari rahbarlari tomonidan Antologiyaning “Ozarbayjon an’anaviy xalq raqslari”, “Qozog‘iston an’anaviy xalq raqslari”, “Qirg‘iziston an’anaviy xalq raqslari”, “O‘zbekiston an’anaviy xalq raqslari”, “Turkiya an’anaviy xalq raqslari” va “Turkmaniston an’anaviy xalq raqslari” bo‘limlari konsepsiyalari taqdim etildi.
Taqdimotlarda an’anaviy raqslarning shakllanish tarixi, estetik va etnografik xususiyatlari, ijro uslublari, raqs ta’limi tizimi, musiqa madaniyati hamda milliy raqs merosini asrash va targ‘ib etishga oid masalalarga alohida e’tibor qaratildi.
Anjuman yakunida ishtirokchi davlatlar davlat xoreografiya oliy ta’lim muassasalari rektorlari va rahbarlarining III yig‘ilishi qarorlari qabul qilinib, xalqaro hamkorlikni yanada kengaytirish hamda “Turkiy dunyoning an’anaviy xalq raqslari antologiyasi” loyihasini amalga oshirishga qaratilgan yakuniy rezolyutsiya tasdiqlandi.
Ahmadjon Shokirov,
Behzod Saidov(surat), O‘zA muxbirlari