Soha vakillari fidoyiligi taraqqiyot poydevorini mustahkamlamoqda
Oramizdagi zamondoshlarimiz
Bugun Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar aholi turmush farovonligini oshirish, ayniqsa, kommunal xizmatlar sifatini yaxshilashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Tabiiy gaz ta’minotini barqaror va uzluksiz ta’minlash ham ana shu ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi. Bu yo‘lda esa soha fidoyilari – oddiy xodimlarning hissasi beqiyos.

Gaz ta’minoti tizimida qariyb o‘ttiz yildan buyon samarali mehnat qilib kelayotgan Sharif Turobov ana shunday jonkuyar xodimlardan biridir. U “Hududgaz Navoiy” gaz ta’minoti filialiga qarashli qurilish-montaj brigadasida chilangar bo‘lib, yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning amaldagi ijrochilaridan biri bo‘lib kelmoqda.
Uning mehnat faoliyati 1998-yilda “Karmanatumangaz” bo‘limida boshlangan. O‘sha davrdayoq u kasb sirlarini puxta egallashga intildi, ustozlar tajribasidan samarali foydalandi. Eng muhimi, qiyinchilikdan qo‘rqmaslik, mehnatga sadoqatli bo‘lish kabi fazilatlarni o‘ziga singdirdi.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda gaz ta’minoti sohasida tizimli o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, eskirgan yer osti gaz quvurlarini yer ustiga chiqarish, yangi infratuzilmalarni barpo etish, aholiga qulay va xavfsiz xizmat ko‘rsatishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu jarayonlarda qurilish-montaj brigadalarining o‘rni beqiyos.

Jumladan, 2025-yilda brigada tomonidan Qiziltepa tumanida 8 kilometr, Karmana tumanida esa qariyb 4 kilometr yer osti gaz quvurlari yer ustiga chiqarildi. Bu kabi ishlar aholini tabiiy gaz bilan barqaror ta’minlash, tizimdagi yo‘qotishlarni kamaytirish va xavfsizlikni oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Albatta, bu natijalar osonlikcha qo‘lga kiritilmayapti. Qahraton qish yoki jazirama yozda, cho‘l sharoitida olib boriladigan ishlar katta matonat va sabr talab etadi. Zarafshon shahridagi “Yangi O‘zbekiston” massivida gaz quvurlarini tortish ishlari ana shunday mashaqqatli mehnat namunasidir. Qaynoq cho‘l bag‘rida, og‘ir sharoitlarda bajarilgan bu ishlar zamirida inson mehnati, kasbga bo‘lgan muhabbat mujassam.
– Kasbingizni yaxshi ko‘rsangiz, har qanday qiyinchilikni yengib o‘tasiz, – deydi Sharif Turobov.

Uning bu so‘zlarida bugungi islohotlarning asosiy mazmuni – inson omili, mehnatga bo‘lgan munosabat, kasbga sadoqat kabi qadriyatlar o‘z ifodasini topgan.
Sharif Turobov nafaqat mehnatda, balki oilada ham namuna. Uch o‘g‘ilning otasi, to‘rt nabiraning mehribon bobosi sifatida u hayotning haqiqiy qadrini mehnat va tinchlikda ko‘radi. Uning ta’kidlashicha, inson uchun eng katta boylik oilasi sog‘-omonligi va yurt tinchligidir.
Bugun mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar aynan ana shunday fidoyi insonlarga tayanadi. Chunki har qanday o‘zgarish, avvalo, jonkuyar va halol mehnat qilayotgan insonlar orqali hayotga tatbiq etiladi.
Shu ma’noda Sharif Turobov kabi soha fidoyilarining mehnati Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining mustahkam poydevoridir.
A. Bo‘riyev, O‘zA muxbiri