Jahon sivilizatsiyasi tarixidagi muhim sana
Sohibqiron Amir Temur tavalludi — bu faqatgina O‘zbekiston tarixida ulkan yuksalish poydevorini yaratgan buyuk davlat arbobining tug‘ilgan kuni emas. Bu sana, ayni paytda uch qit’a — Osiyo, Yevropa va Shimoliy Afrika, shuningdek Sharq va G‘arb, Shimol va Janub o‘rtasidagi munosabatlarni yangi bosqichga ko‘targan, ularni taraqqiyot va madaniy muloqot sari yuzlantirgan tarixiy davrning boshlanishini ham anglatadi.
Amir Temur o‘z davrida faqat buyuk sarkarda sifatidagina emas, balki ulkan bunyodkor sifatida ham nom qozondi. U barpo ettirgan shaharlar, masjidlar, madrasa va madaniy inshootlar bugun ham insoniyat tamaddunining bebaho merosi sifatida e’tirof etilmoqda. Temuriylar davri jahon tarixiga Sharq Renessansi sifatida kirib keldi. Bu davrda ilm-fan, me’morchilik, adabiyot va san’at misli ko‘rilmagan darajada rivoj topdi.
Temuriylar saltanati ta’siri Yaqin Sharq, Kavkaz, Arab mamlakatlari, Markaziy Osiyo, Eron hamda Janubiy Osiyo — Hindiston, Pokiston va Bangladeshgacha bo‘lgan ulkan hududlarni qamrab oldi. Bu yuksak madaniy an’analar keyinchalik Zahiriddin Muhammad Bobur asos solgan Boburiylar davrida ham davom ettirildi va yanada boyitildi.
Temuriylar davrida ilm-fan va madaniyatning taraqqiyoti kitob madaniyatining yuksalishi bilan chambarchas bog‘liq edi. Mashhur Samarqand qog‘ozi ishlab chiqarilishi, islom olamida xattotlik san’atining yuksak darajaga ko‘tarilishi bu davrning muhim madaniy belgilaridan biri bo‘ldi. Kitob yozish va mutolaa madaniyatining rivojlanishi tufayli qog‘ozchilik, xattotlik, musavvirlik, naqqoshlik va rassomchilik kabi san’at turlari shakllandi va qariyb yetti asr davomida taraqqiy etdi.
Bu jarayonda, ayniqsa Sharq miniatyura san’ati alohida o‘rin egallaydi. Jahon san’atshunoslari bu maktabni odatda “Sharq miniatyurasi” deb atashadi. Aslida esa uning shakllanishi va rivoji bevosita Temuriylar Renessansi davri bilan bog‘liq bo‘lib, keyinchalik Boburiylar davrida yanada yuksak taraqqiyot bosqichiga ko‘tarildi.
Bugun Yangi O‘zbekiston davrida bu madaniy merosga bo‘lgan e’tibor yanada kuchaymoqda. Davlat darajasida qo‘llab-quvvatlanayotgan badiiy maktablar, ayniqsa miniatyura san’ati bugun qayta tiklanish va yangi renessans davrini boshdan kechirmoqda.
Bu holat Imom Buxoriy majmuasi va Islom sivilizatsiyasi markazi kabi yirik madaniy majmualar intererlari va ekspozitsiyalarida milliy badiiy an’analarning keng qo‘llanilishida yaqqol namoyon bo‘lmoqda.
Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev tanishgan Temuriylar tarixi davlat muzeyining yangi ekspozitsiyasida ham Temuriylar davri miniatyurasi va kitobot san’ati, bu yo‘nalishdagi estetik qarashlari zamonaviy talqinda namoyon etilgan.
Demak, Amir Temur tavalludini nishonlash — butun insoniyat sivilizatsiyasining katta qismiga ta’sir ko‘rsatgan Temuriylar davlati va uning madaniy merosini e’tirof etish demak.
Shu ma’noda bu sana faqat bir buyuk insonning tug‘ilgan kuni emas, balki jahon sivilizatsiyasi tarixida yangi davr boshlanganining ramziy belgisi sifatida ham qadrlanadi.
Tursunali Qo‘ziyev,
O‘zbekiston Respublikasi san’at arbobi.
O‘zA