JST Toshkent modeli – global savdo bilimlari uchun yangi platforma
Azim Toshkent yana bir bor muhim xalqaro maydonga aylandi. Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti ikki kun davomida ilk bor o‘tkazilgan Toshkent xalqaro JST modeli – global savdo tizimining eng dolzarb masalalari muhokama qilingan nufuzli anjumanga mezbonlik qildi.
Jahon savdo tashkiloti kafedrasi va “El-yurt umidi” jamg‘armasi hamkorligida tashkil etilgan ushbu tashabbus nafaqat nazariy bilimni oshirish, balki amaliy diplomatik muzokara olib borish muhitini ham yaratdi. Shu tariqa ishtirokchilar xalqaro savdo huquqi, ko‘p tomonlama muloqot va nizolarni hal qilish jarayoniga bevosita jalb etildi.
Forumda O‘zbekiston bilan bir qatorda Qozog‘iston, Hindiston va Yaponiyadan kelgan talabalar, yosh tadqiqotchilar va mutaxassislar ham qatnashdi. Bu esa tadbirga haqiqiy xalqaro ruh bag‘ishlab, poytaxtimizni global savdo tizimi kelajagiga daxldor jonli, mazmunli muloqot maydoniga aylantirdi.
“Barqaror global iqtisodiyot uchun ko‘p tomonlama savdoni isloh qilish” shiori ostida o‘tgan tadbir bugungi kunda jahon iqtisodiyotida yuz berayotgan noaniqlik, ta’minot zanjiridagi uzilish va savdo tizimidagi transformatsiya sharoitida dolzarb ahamiyat kasb etayotgan mavzularni qamrab oldi.
Xususan, JST asosiy jarayoni – muzokara va nizoni hal qilish mexanizmi simulyatsiya formatida ko‘rib chiqildi. Ya’ni, ishtirokchi muayyan davlat nomidan chiqish qilib, savdo pozitsiyasini himoya qilish, murosaga kelish, huquqiy tahlil olib borish kabi murakkab jarayonda bevosita qatnashish imkoniga ega bo‘ldi.
[gallery-28653]
Mazkur platforma, ayniqsa, O‘zbekiston uchun strategik ahamiyatga ega. Zero, mamlakatimizning Jahon savdo tashkilotiga qo‘shilish jarayoni davom etayotgan bir paytda, xalqaro savdo qoidasini chuqur biladigan, muzokarada faol ishtirok eta oladigan va milliy manfaatni global maydonda himoya qila oladigan yangi avlod mutaxassislarini tayyorlash o‘ta dolzarb vazifa hisoblanadi.
Tadbir doirasida O‘zbekiston Prezidentining JSTdagi vakili Azizbek O‘runov so‘z olib, ushbu nufuzli tuzilmaga a’zo bo‘lish jarayonining murakkab jihatlari, ichki islohotlarimiz ahamiyati haqida atroflicha ma’lumot berdi. Xalqaro savdo tizimiga samarali kirib borish uchun mavjud salohiyatdan yanada unumli foydalanish zarurligini ta’kidladi.
Muhokamalar davomida savdo va taraqqiyot o‘rtasidagi bog‘liqlik, global iqtisodiyot barqarorligi, shuningdek nizoni hal qilishga oid huquqiy mexanizm mavzulari ham ko‘tarildi. Omma oldida so‘zlash, tahliliy fikrlash va diplomatik muloqot olib borish kabi muhim ko‘nikmalar mustahkamlandi.
Xulosa qilib aytganda, Toshkent xalqaro JST modeli nafaqat ta’lim loyihasi, balki O‘zbekistonning global iqtisodiy tizimga integratsiyasi yo‘lida muhim intellektual platformadir. Mazkur tashabbus mamlakatda xalqaro savdo va iqtisodiy diplomatiya bo‘yicha yangi professional maktab shakllanayotganidan dalolat.
<iframe width="640" height="480" src="https://www.youtube.com/embed/y7kWIg3tiKA?si=S7SThvL_3M9oBl5u" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Musulmon Ziyo,
Oybek Pardayev (foto),
Oybek Davronov (video),
O‘zA