Ixtiro, foydali model va sanoat namunasiga patent berish haqidagi talabnomalar autsorsing asosida tashkil etiladi
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Ixtiro, foydali model va sanoat namunasiga patent berish haqidagi talabnomalarni davlat ekspertizasidan o‘tkazishni autsorting asosida tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida” qaror qabul qildi.
Qarorga ko‘ra, ixtiro, foydali model va sanoat namunasiga patent berish haqidagi talabnomalarni davlat ekspertizasidan o‘tkazishni autsorsing asosida tashkil etishda:
jismoniy va yuridik shaxslar eng yaxshi takliflarni tanlash orqali jalb etiladi;
autsorsing shartnomasi O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi “Intellektual mulk markazi” davlat muassasasi va jismoniy yoki yuridik shaxs o‘rtasida tuziladi;
autsorsing asosida xizmat ko‘rsatish bo‘yicha shartnoma buyurtmachi va autsorser o‘rtasida patent berish haqidagi har bir talabnoma uchun alohida tuziladi;
autsorsing asosida xizmat narxi O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan belgilanadigan ish yuklamalari va vaqt sarfi me’yorlari hamda patent berish haqidagi talabnoma ekspertizasi murakkabligidan kelib chiqib, buyurtmachi tomonidan shakllantiriladi hamda boshlangich narxning asosligi uchun buyurtmachi javobgar hisoblanadi;
autsorsing asosida ko‘rsatiladigan xizmatlar buyurtmachi hisobidan moliyalashtiriladi.
Qaror bilan Ixtiro, foydali model va sanoat namunasiga patent berish haqidagi talabnomalarni davlat ekspertizasidan o‘tkazishni autsorsing asosida tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
Nizomda:
autsorsing tatbiq etiladigan holatlar;
autsorserni tanlash, u bilan shartnoma tuzish va hisob-kitoblarni amalga oshirish;
autsorser va buyurtmachining huquqari va majburiyatlari;
autsorsing xizmati ko‘rsatilishi yuzasidan monitoringni amalga oshirish tartibi belgilab berilgan.
Ma’lumot uchun. Oldinroq O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 24 maydagi PF-80-son Farmoni bilan tasdiqlangan Adliya organlari faoliyatini transformatsiya qilish, davlat xizmatlarini ko‘rsatish va norma ijodkorligini takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasining 18-bandida ixtiro va foydali model hamda sanoat namunalarini o‘uyxatdan o‘tkazish talabnomalari bo‘yicha o‘tkaziladigan davlat ekspertizasi jarayonlariga autsorsing usullarini joriy qilish belgilangan edi.
O‘zA