Iste’dodli yoshlar tanlovi
Andijon viloyati musiqali drama teatrida “Turon” maktab teatri respublika tanlovining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Tanlovning ochilish marosimida so‘z olganlar mazkur tanlov o‘quvchi yoshlarni milliy qadriyatlar ruhida tarbiyalash, ularning ma’naviy qarash va tushunchalarini boyitish, intellektual salohiyatini yuksaltirish hamda teatr san’atiga bo‘lgan qiziqishlarini oshirishga, eng asosiysi, ularning ijodiy salohiyatlarini yuzaga chiqarishga xizmat qilishini alohida ta’kidladi.
Maktabgacha va maktab ta’limi tizimidagi umumta’lim maktablari o‘quvchilaridan tuzilgan teatr jamoalari o‘rtasida o‘tkazilayotgan mazkur tanlovning viloyat bosqichida tuman, shahar bosqichlarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan 16 jamoa ishtirok etib, belgilangan ikki shart asosida g‘oliblik uchun bahs olib bordi.
Viloyatda mazkur tanlovning quyi bosqichlarida 11 ming 503 ta o‘quvchilar teatr jamoalari tarkibida 92 ming nafardan ziyod o‘quvchi ishtirok etib, o‘zlarining ijod namunalarini, iqtidor, iste’dod va mahoratlarini katta sahnalarda namoyish etdi.
O‘quvchilarning tanlovda faol qatnashishi, qolaversa, viloyat bosqichi ishtirokchilarining o‘ziga xos chiqishlari o‘quvchilar orasida teatr san’atiga qiziqadigan, mahoratli yosh iqtidor sohiblari juda ko‘p ekanligini ko‘rsatdi.
[gallery-28513]
Tanlovning yakuniy natijalariga ko‘ra, Bo‘ston tumanining “Andijon” teatr jamoasi birinchi o‘rinni egallab, mamlakat bosqichida qatnashish huquqini qo‘lga kiritdi.
Ikkinchi va uchinchi o‘rinlar Andijon tumanining “Oydinbuloq” hamda Baliqchi tumanining “Ajdodlarim merosi” teatr jamoalariga nasib etdi.
G‘olib va sovrindorlar, shuningdek, faol ishtirok etgan teatr jamoalari viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi tomonidan diplom hamda esdalik sovg‘alar bilan taqdirlandi.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari.