III “Lazgi” xalqaro raqs festivali yakuniga yetdi
Xorazm viloyatining Xiva shahrida III “Lazgi” xalqaro raqs festivali muvaffaqiyatli yakunlandi.
Lazgi – qadimiy va betakror raqs san’ati bo‘lib, u insonning ruhiy holati, ichki kechinmalari va hayotiy jarayonlarini ifoda etadi. Uning musiqasi sekin boshlanib, bosqichma-bosqich tezlashib boradi. Bu esa inson hayotining tug‘ilishdan kamolotgacha bo‘lgan yo‘lini badiiy talqin etadi.

Ta’kidlash joizki, 2019-yilda “Xorazmcha lazgi” insoniyatning nomoddiy madaniy merosi sifatida YUNESKO ro‘yxatiga kiritilgan.

2022-yildan buyon har ikki yilda bir marta o‘tkazib kelinayotgan mazkur festival joriy yilda uchinchi bor tashkil etildi. Festival YUNESKO va TURKSOY shafeligida o‘tkazildi.

Joriy yilgi festivalda dunyoning 30 dan ortiq davlatlaridan 300 nafardan ziyod raqqos va raqqosalar, professional jamoalar, san’atshunoslar, musiqashunos olimlar hamda taniqli ijodkorlar ishtirok etdi.
Festivalning yopilish marosimi Xivaning qadimiy Ichan qal’a majmuasidagi “Polvon” darvozasi maydonida bo‘lib o‘tdi.

Sahnalashtirilgan badiiy dasturda turli xalqlarning milliy raqslari namoyish etildi. Tomoshabinlar madaniyat va an’analar uyg‘unligini his etib, san’atning birlashtiruvchi kuchiga yana bir bor guvoh bo‘ldi.
Festival xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik, o‘zaro hurmat va madaniy yaqinlikni mustahkamlashga xizmat qildi.

Dastur yakunida xalqaro raqs tanlovi g‘oliblari e’lon qilindi. Ikki kun davom etgan tanlovda 13 davlatdan 25 ta jamoa ishtirok etdi. Ijrochilar mahoratini 7 nafardan iborat xalqaro hakamlar hay’ati baholadi.
Festival doirasida TURKSOY maxsus statuetkasi va 1 000 AQSH dollari miqdoridagi mukofot Qozog‘iston vakili Murat Qarako‘zga topshirildi.
Uchinchi o‘rin:
– “Eng yaxshi yakkaxon raqs ijrochisi” – Shohjaxon Berdibekov (O‘zbekiston)
– “Eng yaxshi raqs jamoasi” – “Krijachok” (Belarus)
– “Eng yaxshi sahnalashtirilgan raqs” – “Buxoro mavjlari” (O‘zbekiston)
G‘oliblarga diplom, statuetka va 2 000 AQSH dollari miqdorida mukofot taqdim etildi.
Ikkinchi o‘rin:
– Yoqutxon Xasanova (O‘zbekiston) va Amina Aliyeva (Ozarbayjon)
– “Sema” ansambli (Ozarbayjon)
– “Saltanat” ansambli (Qozog‘iston)
Ularga 3 000 AQSH dollari miqdorida mukofot topshirildi.
Birinchi o‘rin:
– Karina Kalpakova (Rossiya, Boshqirdiston) va Nodira Seidjanova (O‘zbekiston)
– Omsk davlat rus xalq ansambli (Rossiya)
– Pekin raqs akademiyasi ansambli (Xitoy)
G‘oliblar 5 000 AQSH dollari miqdorida mukofot bilan taqdirlandi.
Festivalning bosh mukofoti – “Gran-pri” mamlakatimiz vakili Mohira Jovliyevaga nasib etdi. Unga 7 000 AQSH dollari, diplom va statuetka tantanali ravishda topshirildi.
– Xalqaro tanlovda “Surnay lazgisi”ni ijro etdim. Lazgi insonni butunlay qamrab oladi, – deydi Mohira Jovliyeva. – Bu festival nafaqat mahoratimizni oshirdi, balki turli millat vakillari o‘rtasidagi do‘stlikni yanada mustahkamladi.
Shuningdek, festival doirasida bir qator qo‘shimcha nominatsiyalar bo‘yicha ham faol ishtirokchilar taqdirlandi.
Ahmadjon Shokirov,
Behzod Saidov(surat), O‘zA muxbirlari