Ishdan bo‘shagan fuqarolarga uchinchi oy uchun ham o‘rtacha ish haqi to‘lanadi
Hukumatning 2026-yil 28-sentabrdagi 519-son qarori bilan mehnat shartnomasi alohida asoslarga ko‘ra bekor qilingan shaxslarni moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha kafolatlardan foydalanish tartibi belgilandi.
Yangi tartibga ko‘ra, mehnat shartnomasi alohida asoslarga ko‘ra bekor qilingan shaxs ishdan bo‘shaganidan keyin 30 kalendar kun ichida Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YAIDXP) orqali murojaat qilishi mumkin.
Murojaat asosida mahalliy mehnat organi zarur hujjatlar to‘liq taqdim etilgan taqdirda, fuqaroni ish qidirayotgan shaxs sifatida ro‘yxatga oladi. Bu haqda tegishli ma’lumotnoma beriladi.
Mazkur ma’lumotnoma asosida fuqaro ishdan bo‘shaganidan keyingi uchinchi oy uchun ham avvalgi ish joyidan o‘rtacha oylik ish haqini olish huquqiga ega bo‘ladi.
Shu bilan birga, belgilangan 30 kalendar kunlik muddat o‘tgandan keyin berilgan murojaatlar ko‘rib chiqilmaydi.
Davlat xizmati ko‘rsatilgani uchun fuqarodan hech qanday to‘lov undirilmaydi.
Hamroz Bayonov,O‘zA