Yangilanayotgan Urganch xalqaro aeroporti qanday imkoniyatlarga ega bo‘ladi?
Xorazm diyori yurtimizning eng qadimiy, tarixiy, o‘ziga xos an’ana va urf-odatlariga ega, mahalliy va xorijiy sayyohlarni o‘ziga jalb etadigan hududlardan biridir. Bugungi kunda mamlakatimizda turizmni rivojlantirishga ustuvor ahamiyat qaratilayotgan bir paytda viloyatning mavjud turistik salohiyatidan samarali foydalanish dolzarb masalalardandir. Ayniqsa, Xiva kabi ochiq osmon ostidagi muzey shahar va boshqa tarixiy manzilgohlarga dunyo sayyohlarini yanada keng jalb etish, buning uchun esa zamonaviy sharoitlar, xalqaro standartlarga javob beradigan transport-logistika infratuzilmasini yaratish muhim vazifa hisoblanadi.
Bu borada Urganch xalqaro aeroporti Xorazm viloyatining asosiy havo darvozasi sifatida viloyatga tashrif buyuruvchilarning diqqat e’tiboridagi muhim ob’ekt hisoblanadi. 1960-yilda ishga tushgan Urganch aeroporti 1999-yilda xalqaro maqomga ega bo‘lgan, 2014-yilda modernizatsiya qilingan. Aeroport Urganch markazidan 3 km va Xivadan taxminan 30 km uzoqlikda joylashgan.
Bugungi kunda Urganch xalqaro aeroportida keng ko‘lamli modernizatsiya loyihasi amalga oshirilmoqda. “Uzbekistan Airports” aksiyadorlik jamiyati (AJ) tomonidan bir guruh ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida Urganch xalqaro aeroportiga press-tur tashkil etildi. Unda jurnalistlar yangi loyiha, uning imkoniyatlari, kelgusida kutilayotgan natijalar bilan yaqindan tanishdilar.
Tur davomida matbuot anjumani o‘tkazilib, yangi loyiha haqida batafsil ma’lumotlar berildi va OAV vakillarining savollariga javoblar qaytarildi.

— Urganch xalqaro aeroportida amalga oshirilayotgan loyiha doirasida yangi yo‘lovchi terminalini qurish, aerodrom va tegishli infratuzilmani rivojlantirish, yuk kompleksini yaratish va yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatishning zamonaviy texnologiyalarini joriy etish nazarda tutilgan, — dedi Urganch xalqaro aeroporti direktori Oybek Matkarimov. — Janubiy Koreyaning “Incheon International Airport Corporation” kompaniyasi ishtirokida davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshirilayotgan loyiha 2028-yil oxirigacha yakunlanishi rejalashtirilgan.

Bugungi kunda aeroport hududi 294 gektarni, mavjud yo‘lovchi terminalining maydoni taxminan 9,2 ming kvadrat metrni tashkil etadi. Aeroportimizning yillik o‘tkazish qobiliyati taxminan 1,2 million yo‘lovchini tashkil qiladi. Mavjud perron 6 ta samolyot to‘xtash joyiga mo‘ljallangan.
Yangi loyiha amalga oshirilishi natijasida esa 39 ming kvadrat metr maydonga ega yangi yo‘lovchi terminali barpo bo‘ladi, bu 9,2 ming kvadrat metrli mavjud terminaldan to‘rt baravar ko‘p, degani. U yerda zamonaviy sharoitlar, nogironligi bor yo‘lovchilar uchun ham qulayliklar yaratiladi. Tijorat maydonlari 322 kvadrat metrdan 4 ming 555 kvadrat metrga ko‘payadi. Yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish terminalining o‘tkazuvchanlik qobiliyati soatiga 300 dan 1 ming 300 yo‘lovchiga, yillik o‘tkazuvchanlik qobiliyati esa 1,2 milliondan 3,5 millionga yetkaziladi.

Shuningdek, havo kemalari to‘xtash joylari sonini 6 tadan 18 tagacha, yurish yo‘laklari sonini esa 4 tagacha oshirish nazarda tutilgan. Yorug‘lik signalizatsiyasi uskunalari yangilanadi, — dedi Urganch xalqaro aeroporti direktori.
Qayd etilganidek, yangi terminalda xalqaro va ichki yo‘lovchilar oqimi yuklamaga qarab moslashuvchan boshqarish imkoniyati bilan ajratiladi. Yo‘lovchilar, VIP mehmonlar va aeroport xodimlari uchun alohida yo‘nalishlar tashkil etiladi. Yuk bilan ishlash tizimi terminalning birinchi qavatida joylashtiriladi. Loyihada ro‘yxatga olish va ko‘zdan kechirish, bagajni topshirish va qayta ishlash uchun zamonaviy zonalar, VIP va CHIP zallar, savdo maydonlari, umumiy ovqatlanish korxonalari, 1000 o‘rinli avtoturargoh, maxsus transport majmuasi va boshqa yo‘lovchi xizmatlari ko‘zda tutilgan.

Yangi aeroportning me’moriy konsepsiyasi esa zamonaviy yechimlar va Xorazm me’morchiligi, tarixi, an’analari bilan birlashtirilgan holda yaratiladi.
Yangi yuk majmuasi kuniga 10 tonnaga yaqin yukni qayta ishlashga mo‘ljallangan. Shuningdek, loyihada maydoni 1 ming kvadrat metrdan ortiq bo‘lgan texnik xizmat ko‘rsatish markazi, qariyb 900 kvadrat metrli qor tozalash texnikasi uchun isitiladigan garaj, maxsus transport vositalarini yuvish ob’ektlari nazarda tutilgan.
Matbuot anjumanida jurnalistlar loyiha qiymati, uni amalga oshirayotgan “Incheon International Airport Corporation” kompaniyasining amalda qanday yirik loyihalari borligi bilan qiziqdilar.
Bunga javoban qayd etildiki, Janubiy Koreyaning “Incheon International Airport Corporation” kompaniyasi mazkur loyiha bo‘yicha o‘tkazilgan xalqaro tenderda g‘olib deb topildi. 2025-yil 12-noyabrda tender g‘olibi sifatida “ICN-URGENCH AIRPORT SERVICES” maxsus loyiha kompaniyasi tashkil etildi. 2025-yil 26-dekabrda “Uzbekistan Airports” AJ, Urganch xalqaro aeroporti va “ICN-URGENCH AIRPORT SERVICES” o‘rtasida Urganch xalqaro ayeroportini modernizatsiya qilish va boshqarish bo‘yicha davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitim imzolandi.
Loyihaning umumiy qiymati 242 million dollarga baholanib, shundan 134 million dollari xususiy sherik, 108 million dollari davlat sherigi ob’ektlariga to‘g‘ri keladi.
Shu yil iyun oyida xususiy sherik asosiy qurilish ishlari davrida yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatishni tashkil etish uchun zarur bo‘lgan vaqtinchalik uchib kelish terminali qurilishini boshladi. Avgustda vaqtinchalik terminal foydalanish uchun Urganch xalqaro aeroportiga topshirildi.

Bugungi kunda davlat va xususiy sheriklar loyiha va qidiruv ishlarini olib bormoqda: qurilish chizmalari va texnik yechimlar ishlab chiqilmoqda, materiallar ro‘yxati belgilanmoqda, qurilish uchun zarur hujjatlar tayyorlanmoqda, belgilangan maydonni tekislash va qurilishga tayyorlash ishlari olib borilmoqda.
OAV vakillari Urganch xalqaro aeroporti zallari bilan tanishib, yangi loyiha amalga oshirilayotgan hududni ham ko‘zdan kechirdilar.
Muhtarama Komilova, O‘zA