Chorvachilik majmualari farovonlikka xizmat qiladi
Namangan viloyatining Uychi tumanida Vatanimiz mustaqilligining o‘ttiz besh yilligi munosabati bilan zamonaviy chorvachilik komplekslari ish boshladi.
Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbirda qayd etilganidek, Prezidentimizning 2025-yil 31-oktabrdagi “Aholini oziq-ovqat mahsulotlari bilan barqaror ta’minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori sohada yangi imkoniyatlar eshigini ochdi.
Mazkur qarorga ko‘ra, fermer xo‘jaliklariga chorvachilikni rivojlantirish uchun yengil konstruksiyali binolar, suv rezervuarlari va ozuqa saqlash omborxonalarini barpo etish imkoniyati yaratildi. Ushbu hujjat ijrosi doirasida tumanda 60 ta fermer xo‘jaligiga chorvachilik ob’ektlari qurishga ruxsat berilgan. Bugungi kunda 30 tasida qurilish ishlari boshlanib, 21 tasi qurib bitkazildi. Mustaqillik bayrami arafasida qo‘ychilik va qoramol, parrandachilik ob’ektlari foydalanishga topshirildi.

“Bobur” fermer xo‘jaligi tomonidan tashkil etilgan zamonaviy chorvachilik kompleksida nasldor qoramolchilik yo‘nalishida 40 bosh simmental va golshtin zotli qoramollar parvarish qilinmoqda. Shuningdek, go‘sht yo‘nalishida 5 ming bosh parranda hamda tuxum yo‘nalishida 6 ming bosh naslli tovuq yetishtirish yo‘lga qo‘yilgan.

Loyiha doirasida yil davomida 50 tonna parranda go‘shti, 91 tonna sut va 87 ming 600 dona tuxum ishlab chiqarish rejalashtirilgan. Natijada aholining sifatli oziq-ovqat mahsulotlariga, xususan, go‘sht, sut va tuxum mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojini ta’minlashga munosib hissa qo‘shiladi.

Yangi kompleks ishga tushirilishi bilan 10 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Bu esa mahallada aholi bandligini ta’minlash va tadbirkorlikni rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Tashabbuskor chorvador Nodirbek Abdunabiyev tomonidan Gulbog‘ mahallasida tashkil etilgan naslli qo‘ychilik xo‘jaligi ham o‘z faoliyatini boshladi. Ayni paytda xo‘jalikda 100 bosh arashan zotli naslli qo‘y parvarish qilinmoqda. Bu yerda qo‘ychilikda seleksiya ishlarini rivojlantirish, nasl sifatini yaxshilash va yuqori mahsuldor chorva mollarini ko‘paytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Bunday tashabbuslar Namangan viloyati, xususan Uychi tumanida chorvachilik tarmog‘ini yanada rivojlantirish, naslchilik bazasini mustahkamlash, aholini sifatli chorvachilik mahsulotlari bilan ta’minlash, shuningdek, yangi ish o‘rinlari yaratish orqali aholi bandligi va daromadlarini oshirishga xizmat qiladi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA muxbiri