Ishbilarmon ayollar safini kengaytirayotgan muhim tanlov
Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Amudaryo tuman Kengashi hamda tuman Oila va xotin-qizlar bo‘limi hamkorligida “Ishbilarmon ayol – 2026” ko‘rik-tanlovining tuman bosqichi tashkil etildi.
Tadbirda mahalliy davlat hokimiyati organlari vakillari, partiya faollari, tadbirkor xotin-qizlar, soha mutaxassislari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Tadbir avvalida so‘zga chiqqanlar xotin-qizlar tadbirkorligini rivojlantirish, ularning iqtisodiy mustaqilligini ta’minlash, imtiyozli moliyaviy ko‘maklardan samarali foydalanish, yangi ish o‘rinlari yaratish hamda oilaviy tadbirkorlikni kengaytirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida fikr bildirishdi.

Tanlov davomida tadbirkor xotin-qizlar o‘zlarining ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish yo‘nalishidagi faoliyati, mahalliy xomashyo asosida tayyorlanayotgan mahsulotlari, innovatsion biznes g‘oyalari hamda kelgusidagi rejalarini taqdim etdilar. Hakamlar hay’ati ishtirokchilarni mahsulot sifati, tadbirkorlik faoliyati samaradorligi, yaratilgan ish o‘rinlari va biznes loyihalarining istiqbolliligi kabi mezonlar asosida baholadi.
Tanlov yakunlariga ko‘ra, “Gulzor” mahallasida faoliyat yuritayotgan tadbirkor Ra’no Nurmatova yarim tayyor oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish yo‘nalishidagi samarali faoliyati bilan tanlov g‘oliblari safidan o‘rin oldi. U tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar aholining sifatli va qulay oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojini ta’minlash bilan birga, mahallada yangi ish o‘rinlari yaratilishiga ham xizmat qilmoqda.
“Xolimbeg” ovulida faoliyat yuritayotgan tadbirkor Yulduz Ismoilova esa milliy hunarmandchilik an’analarini zamonaviy tadbirkorlik bilan uyg‘unlashtirib, ko‘rpa va ko‘rpachalar ishlab chiqarish yo‘nalishida faol mehnat qilib kelmoqda. Uning faoliyati milliy qadriyatlarimizni asrab-avaylash, mahalliy mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini oshirish hamda xotin-qizlar bandligini ta’minlashga munosib hissa qo‘shmoqda.
Shuningdek, “Bog‘” mahallasi vakili Malika Xudaybergenova, “Durunki” mahallasi vakili Dilorom Berdiboyeva, “Yangiobod” mahallasi vakili Barno Murodova hamda “Bo‘ston” mahallasi vakili Nazokat Safarovaning ham biznes loyihalari va tadbirkorlik faoliyati hakamlar hay’ati tomonidan munosib e’tirof etildi.
Tanlov g‘oliblari va faol ishtirokchilar tashkilotchilar tomonidan diplom hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Ta’kidlanganidek, bugun Amudaryo tumanida tadbirkor xotin-qizlar safining izchil kengayib borayotgani, ularning ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish va hunarmandchilik sohalaridagi faol ishtiroki aholi bandligini ta’minlash, mahalliy iqtisodiyotni rivojlantirish va oilalar farovonligini yuksaltirishga xizmat qilmoqda. “Ishbilarmon ayol – 2026” ko‘rik-tanlovi esa ana shunday tashabbuskor ayollarni kashf etish, ularning tajribasini ommalashtirish va yangi biznes g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiluvchi muhim maydon sifatida ahamiyat kasb etmoqda.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri