Hozircha marra – “Jasorat maktabi”
Xorazm viloyatida “Jasorat maktablari”ga kirish imtihonlarining ikkinchi bosqichi, ya’ni jismoniy tayyorgarlik sinovlari bo‘lib o‘tmoqda.
2026-2027 o‘quv yili uchun viloyatda faoliyat yuritayotgan 13 ta “Jasorat maktabi”ga 338 ta qabul kvotasi ajratilgan bo‘lib, ushbu o‘rinlar uchun 1869 nafar talabgor hujjat topshirgan.
Yangibozor tumanidagi 1-son umumta’lim maktabida tashkil etilgan sinovlarni O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri o‘rinbosari Farhod Boqiyev ochib berdi. U nomzodlarga omad tilab, sinovlarning adolatli va shaffof o‘tishini ta’minlash muhim ekanini ta’kidladi.
Shuningdek, vazir o‘rinbosari jismoniy tayyorgarlik sinovlari jarayonini bevosita kuzatdi. Imtihonlarni tashkil etish tartibi bilan ham tanishdi. Pedagoglar, mas’ullar va talabgorlarning ota-onalari bilan muloqot qilib, ularning fikr va takliflarini tingladi.
– Sinovlarni kuzatib, guvoh bo‘lyapmizki, – deydi talabgorning onasi Nozima Boltayeva. – Bosh maqsadi saralar ichidan eng munosiblarini tanlab olish bo‘lgan ushbu maydonda yoshlar o‘z irodasi va kuchini namoyish etmoqda. O‘g‘limning hozircha intilgan marrasi shu “Jasorat maktablari”dir. Oldinda esa bo‘lajak posbonimni yangi marralar kutmoqda.
Nomzodlar 30 metrga yugurish, turgan joydan uzunlikka sakrash, egiluvchanlik, qo‘l kuchi hamda arqonchada sakrash bo‘yicha belgilangan me’yorlar asosida baholanmoqda.
[gallery-30738]
Jismoniy tayyorgarlik sinovlari ochiqlik, shaffoflik va xolislik tamoyillari asosida tashkil etilib, nomzodlarning jismoniy salohiyati hamda tayyorgarlik darajasini aniqlashga xizmat qilmoqda.
Ahmadjon Shokirov,
Behzod Saidov(surat),
O‘zA muxbirlari