“Xavfsiz oila” loyihasi: 65 oilaga manzilli ko‘mak ko‘rsatildi
Oila tinch va farovon bo‘lsa, mahallada ham, jamiyatda ham barqarorlik qaror topadi. Shu bois mamlakatimizda oilalarni qo‘llab-quvvatlash, xotin-qizlar va bolalar huquqlarini himoya qilish, oilaviy nizolarning oldini olishga qaratilgan ishlar izchil davom ettirilmoqda. Ana shunday tashabbuslardan biri bo‘lgan “Xavfsiz oila” tadbiri o‘zining to‘rtinchi bosqichini muvaffaqiyatli yakunladi.
Toshkent shahar IIBB Huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasining Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markazida o‘tkazilgan tadbirda davlat va jamoat tashkilotlari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, mahalla tizimi, ta’lim va sog‘liqni saqlash muassasalari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Ta’kidlanganidek, davlatimiz rahbarining 2025-yil 3-yanvarda qabul qilingan “2025-yilda respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori asosida mahallalarda huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish va profilaktika tizimi samaradorligini oshirishga qaratilgan yangi mexanizmlar joriy etilgan.
Shu asosda Toshkent shahri hokimligi, Davlat xavfsizlik xizmati, shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi, prokuratura, Sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasi hamda harbiy okrug hamkorligida “Xavfsiz oila” tadbiri to‘rt bosqichda amalga oshirildi.
Loyihaning asosiy maqsadi profilaktik hisobda turuvchi, ijtimoiy himoyaga muhtoj, ishsiz yoki oilaviy muammolarga duch kelgan fuqarolarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, huquqbuzarliklarning oldini olish hamda oilalarda sog‘lom ma’naviy muhitni mustahkamlashdan iborat.
To‘rt bosqich davomida 65 ta nizoli oila va ularda tarbiyalanayotgan 86 nafar voyaga yetmagan bola Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markaziga jalb etildi. Ular bilan psixolog, huquqshunos, pedagog va tibbiyot xodimlari ishtirokida kompleks ishlar tashkil qilinib, har bir oilaning muammosi individual tarzda o‘rganildi.
[gallery-30739]
Ishtirokchilar chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, psixologik diagnostika asosida ularning psixologik holati baholandi. Bolalar uchun rassomchilik, kulolchilik, tikuvchilik, kompyuter savodxonligi, xorijiy tillar, oshpazlik, musiqa va sport to‘garaklari tashkil etildi. Shuningdek, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish maqsadida poytaxtdagi madaniy-ma’rifiy maskanlarga sayohatlar uyushtirildi.
Loyiha doirasida ota-onalar uchun psixologik seminar-treninglar, sog‘lom turmush tarzi va farzand tarbiyasiga bag‘ishlangan uchrashuvlar o‘tkazildi. Ishsiz ishtirokchilarning bandligini ta’minlash maqsadida mehnat yarmarkalari tashkil qilinib, kasb-hunarga o‘qitish bo‘yicha bepul vaucherlar berildi.
Shuningdek, ishtirokchi oilalarga manzilli ijtimoiy yordam ko‘rsatildi. Jumladan, bolalar sport to‘garaklariga yo‘llanmalar, sport kiyimlari va inventarlari bilan ta’minlandi. Ehtiyojmand oilalarning yashash sharoitini yaxshilash, bandligini ta’minlash hamda tibbiy-ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amaliy choralar ko‘rildi.
Qayd etilganidek, amalga oshirilgan ishlar natijasida bir qator oilalarning yashash sharoiti yaxshilandi, ishsiz fuqarolarning bandligi ta’minlandi, bolalarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish va ularni kasb-hunarga yo‘naltirish borasida ijobiy natijalarga erishildi. Psixologik va huquqiy ko‘makka muhtoj oilalar bilan olib borilgan tizimli ishlar ularning jamiyatga ijtimoiy moslashuviga ham xizmat qildi.
Tadbirda “Xavfsiz oila” loyihasi doirasida orttirilgan tajriba oilalarni qo‘llab-quvvatlash, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish va sog‘lom ma’naviy muhitni shakllantirishga qaratilgan ishlarni yanada takomillashtirishda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.
Tadbir yakunida faol ishtirok etgan xodimlar taqdirlandi. Shuningdek, “Vatan” ijtimoiy fondi bo‘lim boshlig‘i Botir Sodiqov bir guruh fidoyi xodimlarga “Fidokorona mehnati uchun” esdalik nishonini topshirdi.
Kamola YUSUPOVA, Muhammad AMIN (surat), O‘zA