Ipoteka subsidiyalari bir yilgacha amal qiladi (+video)
Xabaringiz bor, Prezidentimizning 2026-yil 24-fevraldagi “Aholini uy-joy bilan ta’minlash ishlarini jadallashtirish va ko‘p kvartirali uylar qurilishini samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga asosan 2026-yil uchun bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlari orqali aholini uy-joy bilan ta’minlash Dasturi qabul qilindi.
Mazkur Farmonga asosan ipoteka kreditlari bo‘yicha subsidiyalar ajratish yuzasidan arizalar tasdiqlangan parametrlar doirasida 16-mart kunidan boshlab ipoteka kreditlari bo‘yicha davlat subsidiyasi uchun arizalar qabul qilish boshlandi. Ushbu dastur fuqarolarning uy-joy sharoitini yaxshilashga qaratilgan bo‘lib, ipoteka krediti bo‘yicha foiz to‘lovlarining bir qismini davlat tomonidan qoplab berishni nazarda tutadi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, subsidiya olish uchun fuqarolar belgilangan ijtimoiy mezonlar asosida baholanadi. Shuningdek, daromad darajasi, uy-joyga egalik holati va kredit tarixi kabi qator talablar ham inobatga olinadi. Arizalar Davlat xizmatlari markazlari, my.gov.uz portali yoki my.Gov.uz mobil ilovasi orqali qabul qilinadi. Ipoteka subsidiyasi berish tartibi, ariza berish jarayoni va asosiy talablar haqida batafsil ma’lumot olish maqsadida Iqtisodiyot va moliya vazirligi bosh mutaxassisi Zokirjon Boboyev bilan suhbatlashdik.
– 2026-yilda ipoteka krediti uchun subsidiya dasturida qanday yangiliklar bor?
– Asosiy yangiliklardan biri shuki, ipoteka kreditlari bo‘yicha subsidiya olishda ijtimoiy mezonlar tarkibiga ariza beruvchi baholash natijasiga ko‘ra 30 va undan yuqori ball to‘plashidan tashqari, uning kredit tarixi dasturda ishtirok etuvchi kamida bitta tijorat bankining ichki talablariga mos bo‘lishi kerakligi kiritildi.
Shu bilan birga, 2026-yil 1-iyuldan boshlab yil yakuniga qadar ilg‘or xorijiy tajribalar asosida aholining vaqtincha bo‘sh turgan pul mablag‘lari hisobidan uy-joy sotib olinishini rag‘batlantirish uchun Ipoteka dasturi doirasida ajratiladigan ipoteka kreditlari bo‘yicha maqsadli ipoteka omonati amaliyoti tajriba-sinov tariqasida joriy etilmoqda.
Bunda ipoteka krediti bo‘yicha subsidiya ajratish to‘g‘risida ijobiy xabarnomaga ega fuqarolar ixtiyoriy ravishda xabarnomaning amal qilish davrida tijorat bankining jamg‘arma hisobvarag‘ida ipoteka omonatini to‘liq shakllantiradi.
Ipoteka omonatini shakllantirgan fuqarolarga banklarning buyurtmanomasiga asosan subsidiyalar oldindan o‘tkazib beriladi.
– Subsidiya olish uchun fuqaro qaysi asosiy talablarga javob berishi kerak?
–Bugungi kunda ko‘p kvartirali uylardagi xonadonlarni sotib olish uchun subsidiya ajratiladigan fuqarolarning ijtimoiy mezonlarga muvofiqligini baholash jarayoni Iqtisodiyot va moliya vazirligining “subsidiya.idm.uz” dasturiy ta’minot tizimi orqali to‘liq avtomatlashtirilgan holda inson omilisiz amalga oshiriladi.
Daromad o‘rtacha miqdori Toshkent shahrida MHTEKning 2,7 baravaridan 9,2 baravarigacha, qolgan hududlarda 8,0 baravarigacha bo‘lishi kerak. Shuningdek, ariza beruvchi va uning turmush o‘rtog‘ining nomida turar joy bo‘lmasligi lozim.
Ipoteka kreditlari bo‘yicha subsidiya olishda ariza beruvchi ijtimoiy mezonlar asosida baholash natijasiga ko‘ra 30 va undan yuqori ball to‘plashi hamda kredit tarixi dasturda ishtirok etuvchi kamida bitta tijorat bankining ichki talablariga mos bo‘lishi kerak.
Ariza beruvchida, shu jumladan, uning turmush o‘rtog‘ining nomida respublikaning barcha hududlari miqyosida mulk huquqi bilan turar joy mavjud bo‘lmasligi, shuningdek, o‘rtacha oylik daromadi miqdori belgilangan ijtimoiy mezonlar doirasida bo‘lishi lozim.
Fuqarolar subsidiya olish uchun Davlat xizmatlari markazlariga murojaat qilishi, my.gov.uz portali yoki MyGov mobil ilovasi orqali ariza topshirishlari mumkin.
Shuni ham eslatib o‘tish joiz, ariza beruvchi tomonidan ariza topshirish (baholash) davrida OneID tizimida shaxsga doir ma’lumotlarni boshqarish paneli orqali ishtirok etuvchi tijorat banklariga kredit tarixini baholash maqsadida tegishli ma’lumotlardan foydalanish uchun ruxsat berilgan bo‘lishi lozim. Shuningdek, kredit tarixini olishga cheklov vaqtincha o‘rnatilmagan bo‘lishi kerak. Aks holda, ariza beruvchining kredit tarixini o‘rganish imkoniyati cheklanib, uning arizasi rad etilishiga sabab bo‘ladi.
– Subsidiya olishda ball tizimi qanday ishlaydi va ballar nimalarga qarab beriladi?
– Ipoteka kreditlari bo‘yicha subsidiya olishda ariza beruvchi ijtimoiy mezonlarga muvofiq baholanadi va shu ball natijasiga ko‘ra subsidiya ajratish yoki ajratishni rad etish bo‘yicha tizim tomonidan avtomat tarzda xulosa beriladi.
Yuqorida ta’kidlaganimdek, asosiy ikkita mezon mavjud. Agar ariza beruvchi ikkita asosiy mezon bo‘yicha 30 ball to‘play olmagan taqdirda, arizachi yoshlar, og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlar, migratsiya, nogironligi bo‘lgan shaxslar yoki olis hududda ishlovchi pedagog yoki tibbiyot xodimi kategoriyasidan biriga to‘g‘ri kelsa qo‘shimcha 5 ball beriladi.
– Ariza beruvchining daromadi qancha bo‘lishi kerak? Minimal va maksimal chegaralar bormi?
– Albatta, daromad miqdorlari bo‘yicha minimal va maksimal chegaralar belgilangan. Bunda ariza beruvchi, shu jumladan, uning turmush o‘rtog‘i va yaqin qarindoshlarining (bunda, yaqin qarindoshlar arizada ko‘rsatilgan hollarda) o‘rtacha oylik daromad miqdori Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda – MHTEKMning 2,7 baravaridan (3 mln. 431 ming 700 so‘m) 8 baravarigacha (10 mln. 168 ming so‘m), Toshkent shahrida esa 9,2 baravarigacha (11 mln. 693 ming 200 so‘mgacha) bo‘lishi zarur.
– Ipoteka krediti olishda kredit tarixi qanchalik muhim?
– Ipoteka krediti olishda kredit tarixi juda muhim omillardan biri hisoblanadi. Banklar mijozning oldingi qarzlarini qanday to‘laganini ko‘rib, uning ishonchliligini baholaydi.
Agar siz kreditni o‘z vaqtida to‘lagan bo‘lsangiz bank sizga ipoteka berishga ko‘proq tayyor bo‘ladi, aks holda to‘lovlar kechikkan bo‘lsa kreditlar bo‘yicha qarzdorlik bo‘lgan bo‘lsa kredit berilmaslik ehtimoli oshib boradi.
–2026-yilda Toshkent shahri va hududlarda ipoteka krediti miqdori qancha qilib belgilangan?
– Joriy yildan boshlab Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan ipoteka kreditlarini qayta moliyalashtirishning eng ko‘p miqdorlari 15 foizga oshirildi. Bunda, bitta kvartira uchun ajratiladigan ipoteka kreditlarining miqdori Toshkent shahrida 480 mln. so‘m (amalda 420 mln. so‘m), hududlarda 380 mln. so‘m (330 mln. so‘m) etib belgilandi.
– Agar ariza rad etilsa, fuqaro qayta murojaat qilishi mumkinmi?
– Ha mumkin, subsidiya ajratishni rad etish to‘g‘risida xabarnoma olgan fuqaro takroran ariza berish huquqiga ega. Bunda ariza rad etilganda takror ariza topshirishga hech qanday cheklov o‘rnatilmagan.
– Subsidiya dasturida ishtirok etayotgan banklar qanday tanlanadi?
– O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 5-fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligining mablag‘lari hisobidan ipoteka kreditlari ajratish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida” qarori qabul qilingan.
Mazkur qarorga asosan Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan mablag‘lar ajratishda yoki ipoteka kreditlarini qayta moliyalashtirishda banklarga quyidagi muvofiqlik mezonlari belgilangan. Xususan, bankda yangi tartib doirasida ipoteka kreditlarini ajratish yuzasidan aniq belgilangan ichki tartib mavjud bo‘lishi, bank «Fitch Ratings» yoki «Standard & Poorʼs» reyting agentliklarining «V» darajasidan yoki «Moodyʼs Investors Service» reyting agentligining «V2» reytingidan past bo‘lmagan darajada uzoq muddatli kredit reytingiga ega bo‘lishi zarur.
Shuningdek, oxirgi uch yillik moliyaviy hisobotlar bo‘yicha auditorlik tashkiloti ijobiy xulosasining mavjudligi, bankning regulyativ kapitali 500 milliard so‘mdan kam bo‘lmasligi, bank Davlat byudjeti mablag‘lari, shu jumladan, Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan yangi tartibga muvofiq joylashtirilgan yoki qayta moliyalashtirilgan mablag‘lar bo‘yicha muddati o‘tgan qarzdorlikka ega bo‘lmasligi lozim.
Markaziy bank tomonidan belgilangan prudensial normativlar buzilgani sababli unga nisbatan ipoteka krediti berilishiga to‘sqinlik qiluvchi amaldagi chora va sanksiyalar mavjud bo‘lmasligi lozim.
– Yosh oilalar va kam ta’minlangan aholi uchun alohida imtiyozlar bormi?
– Subsidiya olishda ariza beruvchi yoshlar toifasiga mansub bo‘lsa qo‘shimcha 5 ball taqdim etish amaliyoti joriy etilgan. Shuningdek, davlatimiz rahbarining joriy yilning 24-fevral kuni yoshlar bilan uchrashuvida Yosh oilalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida uy-joy ipoteka dasturi doirasida kredit stavkasining 14 foizdan oshgan qismi byudjetdan qoplab berilishi e’lon qilindi.
– Subsidiya olish uchun arizani onlayn topshirishda ko‘p uchraydigan xatolar nimalar?
– Ariza beruvchi ipoteka kreditlari bo‘yicha subsidiya olish uchun istalgan tuman (shahar) davlat xizmatlari markaziga o‘zi kelib murojaat etadi yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida davlat xizmatidan elektron tarzda foydalanish uchun ro‘yxatdan o‘tadi.
O‘zi kelib murojaat etganda, Davlat xizmatlari markazi xodimi ariza beruvchi nomidan, YAIDXP orqali murojaat qilinganda esa ariza beruvchi mustaqil ravishda davlat xizmatidan foydalanish uchun anketa-arizani elektron tarzda to‘ldiradi.
Bugungi kunda subsidiyaga elektron onlayn tarzda ariza topshirishda barcha ma’lumotlar my.gov.uz portalida avtomat tarzda shakllanishi yo‘lga qo‘yilgan. Bunda fuqarolarimiz elektron tarzda ariza topshirishda xatolikka yo‘l qo‘yish ehtimoli mavjud emas.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/WWnNFZOpJjA" title="Ipoteka subsidiyalari bir yilgacha amal qiladi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Shahnoza Mamaturopova, O‘zA