Hududlarda tibbiy ko‘rik va murakkab jarrohlik amaliyotlari o‘tkazilmoqda
Inson salomatligini ta’minlashda birlamchi vazifa sifatida uning oldini olishga alohida e’tibor qaratiladi. Shu ma’noda aholi o‘rtasida kasalliklarni erta aniqlash borasida Milliy tibbiyot markazi mutaxassislari respublika hududlarida tibbiy ko‘riklar, murakkab jarrohlik amaliyotlari hamda o‘quv-treninglar o‘tkazmoqda.
Markazning mobil angiograf kardiojarrohlik komplekslari Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent, Jizzax va Sirdaryo viloyatlarida faoliyat yuritib kelmoqda. Natijada bugunga qadar 16 mingdan ortiq fuqaro ko‘rikdan o‘tkazildi. Jumladan, 8 mingga yaqin koronar angiografiya amalga oshirilib, yuzlab bemorlarga stent qo‘yish va jarrohlik amaliyotlari tavsiya etildi.

Shuningdek, hududlarda “Salomatlik marafonlari” doirasida ham aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatilmoqda. Sirdaryo viloyatida 600 nafarga yaqin fuqaroning ko‘rish salomatligi tekshirildi.

Yuqori texnologiyali jarrohlik amaliyotlari davom etmoqda. Xususan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida jigar transplantatsiyasi muvaffaqiyatli amalga oshirildi. Bunday operatsiyalar respublika bo‘yicha 9 ta viloyatda bajarildi.
Shu bilan birga, Samarqand viloyatida infarkt va insultga qarshi kurashish bo‘yicha tibbiyot xodimlari uchun o‘quv-treninglar tashkil etildi.
Nozimbek Mardonov, O‘zA